Davlat dasturi loyihasi muhokama qilindi
Sirdaryo viloyat maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasida Normativ-huquqiy hujjatlar onlayn portalida e’lon qilingan “O‘zbekiston – 2030” strategiyasini “Atrof-muhitni asrash va yashil iqtisodiyot” yilida amalga oshirish bo‘yicha davlat dasturi loyihasi muhokama qilindi.
Muhokamada maktabgacha va maktab ta’limi tizimida ishlayotgan rahbar xodimlar va pedagoglar ishtirok etib, Prezident farmoni loyihasida ko‘rsatib o‘tilganidek, "Maktabgacha ta’lim tizimini yangi bosqichga olib chiqish hamda bolalarning to‘liq qamrovini ta’minlash"," Umumiy o‘rta ta’lim tizimida "Ta’lim uchun qulay muhit" dasturini amalga oshirish", "Umumiy o‘rta ta’lim tizimini yangi bosqichga olib chiqish", "Pedagog kadrlar maqomini oshirish, ularning bilimi va malakasini xalqaro standartlarga muvofiqlashtirish", "Umumiy o‘rta ta’limni rivojlantirish uchun xususiy sektorni keng jalb qilish" kabi muhim masalalar yuzasidan o‘zlarining taklif, fikr va mulohazalarini bildirdi.

Loyihaga ko‘ra, "Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi tizimida yangi 337 ta bir yillik majburiy guruh tashkil qilish natijasida guruhlar sonini 7900 taga yetkazish, bunda maktabgacha ta’lim tashkilotlarida 67 ta, umumiy o‘rta ta’lim maktablarida 263 ta, texnikumlar, mahalla fuqarolar yig‘inlarida va boshqa binolarda guruhlar tashkil etilib, unga qariyb 9 mingga yaqin bolani qamrab olish" nazarda tutilgan.

–Biz Prezident farmoni loyihasini muhokama qilish jarayonida bu boradagi masalaga ham jiddiy ahamiyat qaratib, ushbu loyiha asosida 6 yoshli bolalarni maktabgacha ta’lim bilan qamrab olish ko‘rsatkichini 2025 yil yakuniga qadar 97,5 foizga yetkazishni rejalashtirdik,–deydi Sirdaryo viloyat maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari M. Mamarasulov.– Bu esa, investitsiya dasturi doirasida rekonstruksiya qilinishi kuzda tutilgan 2 ta davlat maktabgacha ta’lim tashkiloti, qamrov darajasi past bo‘lgan MFYlarda tashkil etilishi kuzda tutilgan 47 ta oilaviy maktabgacha ta’lim tashkiloti, davlat-xususiy sherikchilik asosida tashkil etilishi kuzda tutilgan 11 ta nodavlat MTT hamda yangidan tashkil etilishi kuzda tutilgan 10 ta bir yillik majburiy nodavlat maktabgacha tayyorlov guruhi hisobidan amalga oshiriladi.
Muxtasar aytganda, dastur loyihasida belgilangan qator masalalar pedagoglarning maqsad-vazifalari bilan uyg‘un ekanligi ta’kidlandi.
G‘ulom Primov, O‘zA muxbiri