Davlat dasturi ijrosi deputatlar muhokamasida
Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi “Adolat” SDP fraksiyasining navbatdagi videokonferensaloqa shaklida o‘tgan yig‘ilishida fraksiya a’zolari Vazirlar Mahkamasining “Yoshlarni qo‘llab-quvvatlash va aholi salomatligini mustahkamlash yili”da amalga oshirishga oid Davlat dasturining 2021 yil birinchi yarmida bajarilishining borishi to‘g‘risida”gi hisobotini atroflicha muhokama qilib, Hukumat tomonidan olib borilayotgan chora-tadbirlarni ko‘rib chiqdilar.
Koronavirus pandemiyasining respublikadagi ijtimoiy-iqtisodiy vaziyatga ta’sirini yumshatish borasida o‘z vaqtida ko‘rilgan choralar natijasida 2021 yilning birinchi yarmida yalpi ichki mahsulotning o‘sishi o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 106,2 foizni, shundan, sanoat – 108,5 foizni, xizmatlar – 108,0 foizni, qishloq xo‘jaligi – 101,8 foizni tashkil qilgan. Jumladan, savdo aylanmasi hajmi 104,4 trillion so‘mni tashkil qilib, o‘tgan yilga nisbatan 109,0 foizga o‘sdi.
“Adolat” SDPning saylovoldi dasturida oliy ta’lim muassasalariga kvotalarni oshirish nazarda tutilgan. Prezidentimizning 2021 yil 22 iyundagi “2021-2022 o‘quv yilida O‘zbekiston Respublikasining oliy ta’lim muassasalariga o‘qishga qabul qilishning davlat buyurtmasi parametrlari to‘g‘risida”gi qaroriga asosan 2021-2022 o‘quv yilidan boshlab oliy ta’lim muassasalariga ajratiladigan davlat granti asosidagi qabul ko‘rsatkichlarini kamida 25 foizga oshirish, ehtiyojmand oilalar qizlari uchun grantlar sonini 2 barobarga ko‘paytirib, 2 mingtaga yetkazish chora-tadbirlari belgilangan. Ammo bu borada olib borilayotgan chora-tadbirlar hisobotda ko‘rsatib o‘tilmagani jiddiy e’tirozlarga sabab bo‘ldi.
Davlat dasturining 147-bandida kambag‘al va ishsiz fuqarolarni doimiy daromad manbai bilan ta’minlash va tadbirkorlikka o‘qitish bo‘yicha vazifalar belgilangan. Fraksiya a’zolari ishsiz yoshlarni ish bilan ta’minlash bo‘yicha erishilgan aniq natijalar bilan qiziqdi. Ta’kidlanishicha, mehnat organlari yo‘llanmalari asosida joriy yilning 1 iyul holatiga 72,7 ming nafar ish bilan band bo‘lmagan fuqaro kasb-hunarga, tadbirkorlik ko‘nikmalariga o‘qitishga jalb etilgan.
Tadbirda qayd etilganidek, dasturning 195-banddida davlat tibbiyot muassasalarining tibbiyot kadrlarini qayta tayyorlash va malaka oshirish uchun xorijiy yetakchi tibbiyot hamda ilmiy muassasalariga yuborish, shuningdek, respublikaga 300 nafarga yaqin malakali xorijiy tibbiyot mutaxassisini jalb etish belgilangan. Hozirgi kunga kelib 106 nafar mutaxassis jalb etilgan. Ya’ni topshiriq 32 foizga bajarilgan. Yil yakuniga qadar yana shuncha mutaxassis jalb qilingan taqdirda ham reja to‘liq bajarilmay qolish ehtimoli mavjud. Yurtimizda hozirgi sharoitni hisobga olgan holda Davlat dasturining malakali tibbiy kadrlar bilan bog‘liq ushbu bandiga alohida e’tibor qaratish lozimligi deputatlar tomonidan aytib o‘tildi.
Yig‘ilish yakunida hukumat hisoboti fraksiya tomonidan ma’qullandi.
Muhtarama Komilova, O‘zA