Davlat byudjetining joriy 9 oylik ijrosi qanday baholandi?
Bugun Oliy Majlis Qonunchilik palatasining majlisida deputatlar O‘zbekiston Respublikasi Davlat byudjetining va davlat maqsadli jamg‘armalari byudjetlarining 2024 yil 9 oyidagi ijrosi to‘g‘risidagi hisobotni ko‘rib chiqdi.
Kun tartibidagi masala bo‘yicha Iqtisodiyot va moliya vazirining birinchi o‘rinbosari Ilhom Norqulov ma’ruza qilar ekan, 2024 yilning 9 oyida mamlakat yalpi ichki mahsulotining o‘sish sur’ati 6,6 foizni tashkil etgani, shundan sanoat ishlab chiqarishi 7 foizga, qurilish ishlari 9 foizga va qishloq xo‘jaligi mahsulotlari yetishtirish 3,1 foizga ko‘payganini qayd etdi.

Ta’kidlandiki, asosiy kapitalga o‘zlashtirilgan investitsiyalar hajmi 343,1 trln. so‘mni tashkil etib, o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 31 foizga o‘sgan. Aholining real daromadlari 7,7 foizga oshib, o‘rtacha ish haqi 16,4 foizga oshgan. Bu inflyatsiya darajasidan (6,8 foiz) yuqori bo‘lganligi aholi farovonligini ta’minlashda muhim ahamiyat kasb etadi.
Qayd etilganidek, joriy yilning to‘qqiz oyida Davlat byudjeti daromadlari 193,6 trln. so‘mni tashkil etib, 2023 yilning mos davriga nisbatan 18,9 foizga oshgan va deyarli barcha soliq turlari bo‘yicha belgilangan reja ko‘rsatkichlari to‘liq bajarilgan. Davlat byudjeti xarajatlari esa hisobot davrida 219,3 trln. so‘mni tashkil etib, 2023 yilning mos davriga nisbatan 9 foizga o‘sgan.
Hisobot davrida aholini sifatli ijtimoiy xizmatlar bilan ta’minlash borasida amalga oshirilayotgan tizimli islohotlar natijasida ijtimoiy soha xarajatlari uchun Davlat byudjetidan 107,8 trln. so‘m (umumiy xarajatlarning 49,2 foizi) yoki o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 9,5 trln. so‘m ko‘p mablag‘ yo‘naltirilgan.

Aholining uy-joyga bo‘lgan talabini qanoatlantirish maqsadida joriy yilning 9 oyi yakunlariga ko‘ra, respublika byudjetidan ipoteka kreditlari bo‘yicha qariyb 1 trln. so‘m subsidiyalar ajratildi.
Muhokamalar davomida deputatlar “Tashabbusli byudjet” loyihalarini moliyalashtirish masalalari, ijtimoiy ob’ektlarni qurish uchun ajratilgan mablag‘larning o‘z vaqtida o‘zlashtirilmagani, aholini ichimlik suvi bilan ta’minlash borasidagi xarajatlar va xalqaro moliyaviy resurslarning o‘zlashtirilishi kabilarga e’tibor qaratdi.
Shuningdek irrigatsiya va melioratsiya ob’ektlarini qurish, rekonstruksiya qilish hamda kanallarni betonlashtirish uchun byudjetdan ajratilgan 1,4 trln. so‘m mablag‘lardan samarali foydalanishdagi kamchiliklar ham aytib o‘tildi.

Muhokamalarda partiyalar fraksiyalari vakillari ham so‘z olib, o‘z dasturiy vazifalaridan kelib chiquvchi masalalarni o‘rtaga tashladi. Shu bilan birga, qish mavsumida aholini elektr energiyasi bilan ta’minlash masalalari deputatlar e’tiborida bo‘lib, ayrim ijtimoiy ob’ektlarga elektr tarmoqlarini tortish ishlari kechiktirilayotganligiga izoh so‘raldi.
Deputatlar joriy yil yakuniga qadar Davlat byudjetining qonunda belgilangan parametrlarga to‘liq rioya qilgan holda ijro etilishini ta’minlash, byudjet mablag‘laridan tejamkorlik bilan foydalanish, xarajatlarning natijadorligiga erishish borasida parlament nazoratini kuchaytirish zarurligini ta’kidladi.
Savol-javoblardan so‘ng Davlat byudjetining va davlat maqsadli jamg‘armalari byudjetlarining 2024 yil 9 oyidagi ijrosi to‘g‘risidagi hisobot yuzasidan tegishli qaror qabul qilindi.
Muhtarama Komilova, O‘zA