Davlat byudjetiga 5,5 trln. so‘mlik qo‘shimcha tushum hisoblandi
Soliq qo‘mitasining ma’lum qilishicha, 2026-yil yanvar-may oylarida davlat soliq xizmati organlari tomonidan soliq to‘lamaslik xavfi yuqori bo‘lgan 1 780 ta tadbirkorlik sub’ektida soliq auditi o‘tkazildi.
Shu davrda faoliyat yuritgan 594,4 mingta soliq to‘lovchining atigi 0,3 foizi tekshiruv qamroviga olingani soliq nazoratining an’anaviy emas, balki risk-oriyentirlangan va raqamli tahlillarga asoslangan tizimga o‘tganini ko‘rsatadi.
Bugungi kunda soliq ma’muriyatchiligida “keng tekshirish”dan ko‘ra “aniq nishonlangan tahlil” tamoyili ustuvor bo‘lib bormoqda. Bu esa bir tomondan davlat resurslaridan samarali foydalanishni ta’minlasa, ikkinchi tomondan yashirin iqtisodiyotni aniqlash imkoniyatlarini sezilarli oshiradi.
O‘tkazilgan soliq auditlari natijalariga ko‘ra, aniqlangan soliq xavfi summasi 9,7 trln. so‘mni, hisoblangan qo‘shimcha soliqlar esa 5,5 trln. so‘mni tashkil etmoqda. Ushbu raqamlar iqtisodiyotda hisobot va real aylanma o‘rtasida hali ham sezilarli farqlar mavjudligini anglatadi. Ayni paytda bu holat soliq organlari tomonidan joriy etilgan raqamli monitoring tizimlari samara berayotganini ham ko‘rsatadi.
Aniqlangan qo‘shimcha soliq summalari tarmoqlar kesimida quyidagicha taqsimlangan. Savdo va umumiy ovqatlanish – 2,4 trln. so‘m, qurilish – 1,2 trln. so‘m, xizmat ko‘rsatish – 461,7 mlrd. so‘m, ishlab chiqarish – 411,1 mlrd. so‘m, transport – 278,5 mlrd. so‘mni, qishloq xo‘jaligi – 166,5 mlrd. so‘m boshqa sohalar – 534,1 mlrd. so‘mni tashkil etadi.
Tahlillar shuni ko‘rsatadiki, savdo va qurilish sohalarida soliq xavfi yuqoriligi bu tarmoqlarda pul aylanmasi tezligi, naqd pul operatsiyalari ulushi va hisobot tizimining murakkabligi bilan bog‘liq bo‘lishi mumkin. Shu jihatdan ushbu sohalarda raqamli nazoratni yanada kuchaytirish dolzarb vazifa hisoblanadi.
Auditlar davomida 843 ta soliq to‘lovchida jami 9,4 trln. so‘mlik soliq bazasi yashirilgani aniqlangan. Holatlar quyidagi uch asosiy yo‘nalishda namoyon bo‘lgan. 318 ta sub’ektda 2,8 trln. so‘mlik tovar va xizmatlar realizatsiyasi hisobotlarda aks ettirilmagan. 276 ta sub’ektda 3,3 trln. so‘mlik tovarlar ombor va savdo nuqtalarida mavjud emasligi qayd etilgan. 249 ta sub’ektda 3,2 trln. so‘mlik kirim qilinmagan yoki yashirin aylanmadagi tovarlar aniqlangan. Bu holatlar iqtisodiyotda “ko‘rinmas aylanma” hali ham saqlanib qolayotganini va ayrim sub’ektlarda soliqdan qochish sxemalari turli shakllarda namoyon bo‘layotganini ko‘rsatadi.
Aniqlangan qo‘shimcha soliq majburiyatlaridan to‘lov muddati kelgan 2,9 trln. so‘mning 282 mlrd. so‘mi davlat byudjetiga undirib berildi. Bu ko‘rsatkich soliq nazoratining faqat jazolovchi emas, balki byudjet daromadlarini tiklovchi va moliyaviy intizomni mustahkamlovchi instrumentga aylanib borayotganini anglatadi.
Soliq auditi natijalari mamlakatda raqamlashtirish jarayonlari yangi bosqichga chiqqanini ko‘rsatadi. Biroq iqtisodiyotning ayrim segmentlarida yashirin aylanmalar va hisobotlardagi nomutanosibliklar hali ham saqlanib qolmoqda. Shu bilan birga, muhim tendensiya yaqqol: soliq nazorati inson omiliga asoslangan tizimdan ma’lumotlarga asoslangan intellektual tahlil tizimiga o‘tmoqda. Bu esa kelgusida nafaqat nazorat samaradorligini oshiradi, balki tadbirkorlar uchun teng raqobat muhitini ham shakllantiradi.
Yaqin istiqbolda soliq ma’muriyatchiligini to‘liq raqamli ekotizimga aylantirish, real vaqt rejimida monitoringni joriy etish va “yashirin iqtisodiyot” ulushini izchil qisqartirish asosiy strategik vazifalardan biri bo‘lib qoladi.
Shahnoza Mamaturopova, O‘zA