🏆JCH-2026⚽
Özbek
Ўзбек
Русский
English
French
German
Arabic
Қазақ
Spanish
Chinese
Sönggi yangiliklar

Davlat byudjeti mablag‘lari maqsadli sarflandimi?

Davlat byudjeti mablag‘lari maqsadli sarflandimi?
Jamiyat
Tanlaş
17:21 / 25.05.2021

O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining navbatdagi majlisida deputatlar O‘zbekiston Respublikasi Davlat byudjeti va davlat maqsadli jamg‘armalari byudjetlarining 2020 yildagi ijrosi to‘g‘risidagi hisobotni ko‘rib chiqdilar.

Deputatlar 2020 yilda “COVID-19” pandemiyasi jahon iqtisodiyotiga salbiy ta’sir ko‘rsatganiga qaramay, davlatimiz rahbari tomonidan o‘z vaqtida qabul qilingan bir qator muhim farmon va qarorlar natijasida mamlakatimiz iqtisodiyotida ijobiy iqtisodiy o‘sish sur’ati saqlab qolinganligini e’tirof etdi.  

2020 yil yakunlari bo‘yicha yurtimiz iqtisodiyoti 2019 yilga nisbatan 1,6 foizga o‘sgan, yalpi ichki mahsulot hajmi 580,2 trillion so‘mni tashkil etdi. Koronavirus pandemiyasi xalqaro bozorlarga o‘z ta’sirini ko‘rsatganligi oqibatida mamlakatimiz tashqi savdo aylanmasi 36,3 milliard dollarni tashkil etib, 2019 yilga nisbatan 13,1 foizga qisqargan. Bunda eksport 13,4 foizga, import esa 12,8 foizga kamaygan.

Bundan tashqari, 2020 yilda investitsion faollik pasayishi hisobiga asosiy kapitalga o‘zlashtirilgan investitsiyalar hajmi 2019 yilga nisbatan 8,2 foizga qisqardi va 202 trillion so‘mni tashkil etdi.

Pandemiyaning salbiy ta’siriga qaramay, davlat byudjeti daromadlari 2020 yilda 132,9 trillion so‘mni tashkil etib, belgilangan 128,7 trillion so‘m prognoz 103,3 foizga yoki 4,2 trillion so‘mga oshirib bajarildi. Daromadlar 2019 yil ma’lumotlari bilan solishtirilganda 20,8 trillion so‘mga o‘sdi.

2020 yilda koronavirus pandemiyasi natijasida aholini ijtimoiy himoya qilish va tadbirkorlik sub’ektlarini qo‘llab-quvvatlash maqsadida mehmonxona va turoperatorlar, ayrim kichik biznes sub’ektlari uchun mol-mulk va yer solig‘i bo‘yicha imtiyozlar berildi. Faoliyatini to‘xtatgan yakka tartibdagi tadbirkorlarga soliqlar imtiyozlarini o‘rnatilishi hamda ba’zi tadbirkorlik sub’ektlari uchun soliq qarzini to‘lash muddatlarining uzaytirish, soliq qarzi undirilishini to‘xtatib turish, soliq qarzidan kechib yuborish kabi qator choralar ko‘rilganligi aholining real daromadlari oshishiga olib keldi.

Davlat byudjetining 2020 yildagi xarajatlari 144,1 trillion so‘mni yoki yalpi ichki mahsulotga nisbatan 24,8 foizni tashkil etdi. Hisobot davrida ijtimoiy xarajatlarni moliyalashtirish uchun davlat byudjetidan 74,2 trillion so‘m yoki umumiy xarajatlarning 51,5 foizi miqdorida mablag‘ sarflandi. Ushbu xarajatlarning 85,1 foizi ijtimoiy soha va aholini ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash xarajatlari hissasiga to‘g‘ri keldi.

Ta’kidlanishicha, sanitariya-gigiyena tadbirlarini amalga oshirish, “COVID-19” bilan kasallanganlarni davolash, iqtisodiyotning eng ko‘p zarar ko‘rgan sohalarini qo‘llab-quvvatlash va yangi ish o‘rinlarini yaratish orqali pandemiya oqibatlarini yumshatish bilan bog‘liq tadbirlarga turli manbalar hisobidan 77,2 trillion so‘m yoki yalpi ichki mahsulotga nisbatan 13,3 foiz miqdorida mablag‘lar yo‘naltirildi.

Muhokamalar jarayonida deputatlar ijobiy natijalarni e’tirof etgan holda davlat byudjeti ijrosiga oid ayrim kamchiliklarga ham alohida e’tibor qaratdilar. Xususan, 2020 yil davomida vazirlik va idoralarda tashkil etilgan Ichki audit va moliyaviy nazorat xizmatlari tomonidan 2 726 ta nazorat tadbirlarida jami 309,2 milliard so‘mlik moliyaviy xato va kamchiliklar aniqlanib, shundan 1 238 ta tekshirish hujjati qonuniy chora ko‘rish uchun huquqni muhofaza qiluvchi organlarga yuborilgan.

Deputatlar byudjet intizomi, shaffofligi hamda hisobdorligi masalalariga alohida e’tibor qaratdilar. Byudjetdan mablag‘ ajratishda avvalo, ulardan kutilayotgan samaradorlik va natijadorlikni hisobga olish muhimligini ta’kidladilar.

Muhokamalarda xalq vakillari yuridik shaxslar tomonidan ishchilarning ish haqi hisobidan 231 213 ta holatda 243,4 milliard so‘m mablag‘lar jismoniy shaxslarning mol-mulk va yer solig‘iga to‘lovlar tarzida, xodimlarning roziligini olib yoki olmay o‘tkazganligi masalasiga e’tibor qaratdi. Respublika bo‘yicha 2020 yil davomida faoliyat ko‘rsatgan 14 ming 359 ta xo‘jalik yurituvchi sub’ektning 33,6 milliard so‘mlik ortiqcha to‘langan soliq summasi qaytarib berilmaganligi yoki foizlar hisoblanmaganligi deputatlarning e’tiroziga sabab bo‘ldi.

Deputatlar O‘zbekiston Respublikasi davlat byudjetining va davlat maqsadli jamg‘armalari byudjetlarining 2021 yil birinchi choragidagi ijrosi to‘g‘risidagi hisobotni ham ko‘rib chiqdilar.

Qayd etildiki, 2021 yilning yanvar-mart oylarida respublikamiz iqtisodiyoti 2020 yilning mos davriga nisbatan 3 foizga o‘sgan bo‘lib, yalpi ichki mahsulot hajmi 128,6 trillion so‘mni tashkil etdi. Iqtisodiy o‘sish sanoatda 3,8 foizga, qurilishda 0,5 foizga, qishloq, o‘rmon va baliq xo‘jaligida 3,1 foizga hamda xizmatlar ko‘rsatish sohasida 2,8 foizga o‘sishi ta’minlangan. Inflyatsiya darajasi yillik nisbatda 10,9 foizni, o‘tgan yilning yanvar-martiga nisbatan esa 2,7 foizni tashkil etdi.

Hisobot davrida davlat byudjeti daromadlari 33,9 trillion so‘mni, xarajatlari esa 34,1 trillion so‘mni tashkil etgan. Iqtisodiyotni jonlantirish hamda iste’molni rag‘batlantirish maqsadida ijtimoiy xarajatlar 2021 yil 1-chorak yakuni bilan o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 21 foizga oshirilgan.

Majlisda deputatlar ijobiy natijalar bilan bir qatorda byudjet mablag‘larining maqsadli sarflanishi borasida yo‘l qo‘yilayotgan xato va kamchiliklar oshib borayotgani va bu holat aholining e’tirozlariga sabab bo‘layotganini ta’kidladi. Masalan, Xalq ta’limi vazirligi tizimida o‘tkazilgan 248 ta nazorat tadbirining 198 tasida 43,3 milliard so‘m miqdorida qonunbuzilish holati aniqlanib, o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 4,6 martaga oshgan. Sog‘liqni saqlash vazirligi tizimida o‘tkazilgan 275 ta nazorat tadbirining 212 tasida 23,3 milliard so‘m miqdorida qonunbuzilish holati aniqlanib, o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 2,9 martaga oshgan.  

Parlament quyi palatasi a’zolari yig‘ilishda ishtirok etgan mutasaddi vazirlik va idoralar rahbarlarining e’tiborini pandemiya sharoitida davlat byudjetining va davlat maqsadli jamg‘armalari byudjetlarining daromad va xarajatlarini amalga oshirishda kelgusi choraklarda ko‘zda tutilishi lozim bo‘lgan boshqa dolzarb vazifalarga ham qaratishdi.  

Qizg‘in muhokamalar davomida parlament quyi palatasi vakillari mahalliy davlat organlari mansabdor shaxslarining ijro intizomini oshirish, davlat byudjetining va davlat maqsadli jamg‘armalari byudjetlarining kelgusi davr uchun o‘z vaqtida, sifatli ijro etilishi ustidan parlament nazoratini kuchaytirish, buning uchun parlament deputatlari tegishli xalq deputatlari mahalliy Kengashlari bilan yaqin hamkorlik qilishga doir aniq vazifalarni belgilab olish zarurligini ta’kidladi.

Majlisda davlat byudjeti ijrosi yuzasidan siyosiy partiyalar fraksiyalari o‘z nuqtai nazarini bildirdi.

Majlis yakunida Oliy Majlis Qonunchilik palatasining davlat byudjetining va davlat maqsadli jamg‘armalari byudjetlarining 2020 yildagi hamda 2021 yil birinchi chorakdagi ijrosi to‘g‘risidagi hisobot yuzasidan tegishli qarori qabul qilindi.  

 

Muhtarama Komilova, O‘zA

Muallif: muhtaramakomilova