Davlat boshqaruvini aholi ehtiyojiga yaqinlashtirish va xizmatlar samaradorligini oshirish natijasi sezilmoqda
Munosabat
Mamlakatimizda qonun ustuvorligini taʼminlash, davlat boshqaruvini aholi manfaatlariga xizmat qiladigan tizim sifatida takomillashtirish, jamoat xavfsizligini kuchaytirish va davlat xizmatlarini kengaytirish yoʻnalishida qator ishlar amalga oshirilmoqda.
Jumladan, “Oʻzbekiston – 2030” strategiyasini “Atrof-muhitni asrash va “yashil iqtisodiyot” yilida amalga oshirishga oid Davlat dasturi doirasida 2025-yili samarali natijalarga erishildi.

Avvalo, davlat xizmatlarini raqamlashtirish va ulardan foydalanish imkoniyatlari kengaytirish yoʻnalishida maqsadli ishlar bajarilib, “Oʻzarxiv” agentligi tomonidan koʻrsatiladigan elektron davlat xizmatlari soni 10 taga yetkazildi. Bu davlat boshqaruvida zamonaviy raqamli yondashuv izchil rivojlanib borayotganini koʻrsatadi.
Mazkur xizmatlar elektron shaklga oʻtkazilgani aholi uchun ortiqcha sarsongarchilikni kamaytirish, murojaatlarni tezkor va shaffof koʻrib chiqishda muhim omil boʻlmoqda.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Xizmatlar sohasi barqaror rivojlanishi uchun qulay shart-sharoitlar yaratishga oid qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi qarori ham bunda muhim ahamiyat kasb etdi. Jumladan, unga muvofiq bir qator vazirlik va agentliklarning 11 ta davlat funksiyasi xususiy sektorga oʻtkazilishi – sohalarda byurokratik toʻsiqlarni qisqartiradi, xizmat koʻrsatish sifati va tezligini oshiradi hamda davlat resurslarini strategik va tartibga soluvchi vazifalarga yoʻnaltirish imkonini beradi.
Mazkur tartib oʻz navbatida davlat va xususiy sektor oʻrtasidagi hamkorlikni kuchaytiradi, bu esa xizmatlar bozorida yangi tashabbuslar paydo boʻlishi, ilgʻor tajriba va texnologiyalarning joriy etilishiga sharoit yaratadi. Shu bilan birga, davlat organlari oʻz eʼtiborini toʻgʻridan-toʻgʻri xizmat koʻrsatishdan koʻra, strategik rejalashtirish, nazorat va sifatni taʼminlash masalalariga qaratadi.
Bu xizmatlar sohasida tizimlilik, ochiqlik va natijadorlikni kuchaytiradi, iqtisodiyotda barqaror rivojlanish va raqobat muhitini shakllantirish uchun qoʻshimcha imkoniyatlar yaratadi.
Davlat boshqaruvida inson kapitali va rahbar kadrlar salohiyatini oshirish masalasi ham alohida ahamiyat kasb etadi. Shu nuqtayi nazardan, “Rahbar ayollar maktabi” oʻquv dasturi doirasida maqsadli tanlov asosida 100 nafar iqtidorli xotin-qiz uchun maxsus oʻquvlar tashkil etilgani xotin-qizlar salohiyatini oshirishga qaratilgan izchil chora-tadbirlarning amaliy ifodasidir. Ushbu tashabbus davlat boshqaruvida ayollar ishtirokini kengaytirish, ularning rahbarlik koʻnikmalarini rivojlantirish va kadrlar zaxirasini shakllantirishga xizmat qiladi. Zamonaviy davlat boshqaruvida rahbarlik faqat lavozimni egallash bilan emas, balki qaror qabul qilish, jamoa bilan ishlash, tashabbus koʻrsatish va jamoatchilik bilan muloqot qila olish qobiliyati bilan ham baholanadi.
Qonun ustuvorligini taʼminlashda jamoat xavfsizligi va yoʻl harakati xavfsizligi bilan bogʻliq chora-tadbirlar alohida oʻrin tutadi. Bu borada avtomobil yoʻllarida transport vositalarining erkin va xavfsiz harakatlanishini taʼminlash maqsadida qator amaliy ishlar olib borilmoqda. Xususan, 344 ta chorrahaga zamonaviy svetoforlar oʻrnatilishi yoʻl infratuzilmasini yangilash va harakatni tartibga solish sohasida tizimli ishlar amalga oshirilayotganining amaliy ifodasidir. Shuningdek, 252 ta chorrahada boshqariluvchi kontrollerlar oʻrnatilib, intellektual transport tizimlari joriy etildi. Bu ham raqamli boshqaruv va harakat oqimini samarali tashkil etishga qaratilgan zamonaviy yondashuvning muhim tarkibiy qismi hisoblanadi.
Shu bilan birga, 244 ta chorrahaga qoidabuzarliklarni aniqlovchi kameralar oʻrnatilgani yoʻl harakati qoidalariga rioya etilishini taʼminlashda muhim vosita boʻlib xizmat qiladi. Bunday kameralar harakat ishtirokchilari uchun nazoratning doimiyligini taʼminlaydi, qoidabuzarliklarni inson omilisiz qayd etadi va jazoning muqarrarligi prinsipini mustahkamlaydi. Bu, oʻz navbatida, huquqbuzarliklarni kamaytirishga xizmat qiladi. 153 ta chorrahadagi kameralar sinov rejimiga oʻtkazilgani, 179 ta chorrahadagi kameralar toʻliq ishga tushirilgani ushbu jarayon bosqichma-bosqich va texnik sinovlar asosida amalga oshirilayotganini anglatadi.
Jamoat xavfsizligi sohasida ham yangi yondashuvlar amaliyotga joriy etildi. Toshkent va Nukus shaharlari hamda viloyatlar markazlaridagi bozorlar, istirohat bogʻlari va xiyobonlarda jamoat tartibini saqlash va xavfsizlikni taʼminlash boʻyicha “Xavfsiz bozor”, “Xavfsiz sayilgoh” va “Xavfsiz istirohat bogʻi” modellari ishlab chiqilib, amaliyotga tatbiq etildi.
Yangi modellarning joriy etilishi jamoat joylarida huquqbuzarliklar profilaktikasini kuchaytirish, xavfsiz muhitni shakllantirish va fuqarolar uchun qulay ijtimoiy sharoit yaratishga xizmat qiladi. Muhim jihati shundaki, davlat organlarining vazifasi faqat qoidabuzarlik sodir boʻlgandan keyin chora koʻrish emas, balki uning oldini olishdan ham iborat. Mazkur modellar aynan shu profilaktik yondashuvni kuchaytirishga qaratilgani bilan ahamiyatli.
Umuman olganda, davlat boshqaruvini aholi ehtiyojlariga yaqinlashtirish, jarayonlarga zamonaviy yondashuvlarni joriy etish hamda jamoat xavfsizligini mustahkamlash va xizmatlar samaradorligini oshirishga qaratilgan ishlar oʻz samarasini berib kelmoqda.
Inobat HAKIMOVA,
“Taraqqiyot strategiyasi”
markazi bosh mutaxassisi.
OʻzA