Davlat boshqaruvida yangicha va ilg‘or yondashuvlarni joriy etishga alohida e’tibor qaratmoqdamiz, – Prezident
Prezident Shavkat Mirziyoyev “Sifatli davlat boshqaruvi” dasturi bo‘yicha forum va taqdirlash marosimida nutq so‘zladi.
–Yaxshi xabardorsiz, mamlakatimizda olib borilayotgan islohotlar markazida inson qadrini ulug‘lash, aholi va tadbirkorlar uchun munosib sharoitlar yaratish asosiy o‘rin egallaydi.
So‘nggi 10 yilda “Xalq davlat idoralariga emas, davlat idoralari xalqqa xizmat qilishi lozim” degan olijanob falsafani davlat siyosati darajasiga ko‘tardik.
Boshqaruv sohasida aholi uchun samarali tizim yaratmasdan turib, hech bir yo‘nalishda kutilgan natijaga erishib bo‘lmaydi. Chunki har bir fuqaro o‘z kundalik hayotida his qilayotgan ijobiy o‘zgarishlar orqali davlat faoliyatiga baho beradi.
Boshqaruv idoralari odamlar muammosini, ularni qiynayotgan o‘tkir masalalarni o‘z vaqtida va adolatli hal etsa, aholining davlatga nisbatan ishonchi keskin ortadi. Ortiqcha qog‘ozbozlik va byurokratiya esa islohotlar samarasini pasaytirib, xalqning umidini so‘ndiradi.
Shuni inobatga olib, davlat boshqaruvida yangicha va ilg‘or yondashuvlarni joriy etishga alohida e’tibor qaratmoqdamiz, – dedi davlatimiz rahbari.
O‘zA