Davlat boshqaruvi akademiyasida qanday ishlar amalga oshirilmoqda?
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat boshqaruvi akademiyasi tomonidan joriy yilda amalga oshirilgan ishlar haqida akademiya axborot xizmati rahbari Ma’ruf Jumayev ma’lumot berdi:
– Akademiyada 2023-2024 yilga mo‘ljallangan o‘quv yilida magistratura va qayta tayyorlash kurslari uchun tinglovchilar qabuli bo‘lmaganligi sababli jami 61 ta malaka oshirish kursi tashkil etildi.
2023/2024 o‘quv yilida Prezident farmon va qarorlari, Prezident Administratsiyasi va Hukumat topshiriqlari hamda buyurtmachilarning talablariga muvofiq boshqaruv yo‘nalishida 35 ta turli o‘quv reja-dasturlari ishlab chiqildi. Ular doirasida 12 ming 471 nafar davlat xizmatchisi va boshqa toifa boshqaruv kadrlari uchun malaka oshirish kurslari tashkil etildi.
Jumladan, davlat organlari va tashkilotlari, Milliy kadrlar zaxirasiga kiritilgan nomzodlar, Xalq qabulxonalari mudirlari va xodimlari, Madaniyat vazirligi, vazirlik va idoralar Markaziy apparatlari, kasb ta’limi sektori boshqaruv kadrlari, IIV Akademiyasi magistratura tinglovchilari, nodavlat notijorat tashkilotlarining rahbar kadrlari, Mudofaa vazirligi ofitserlar tarkibi, “Rahbar ayollar maktabi” tinglovchilari uchun malaka oshirish kurslari tashkil etildi.
Mazkur o‘quvlarda 40 ga yaqin tajribali professor-o‘qituvchilar, shuningdek, sohalar bo‘yicha 200 ga yaqin tajribali rahbar kadrlar va xorijiy ekspertlar tinglovchilarga bilim ulashdi.
2023-2024 yilgi o‘quv davri mobaynida Akademiya va hududiy filiallar bo‘yicha jami 13 ming 110 soat dars mashg‘uloti o‘tildi.
Mazkur davr oralig‘ida Akademiyaning 30 ga yaqin professor-o‘qituvchilari va xodimlari AQSH, Germaniya, Janubiy Koreya, Turkiya, Yaponiya, Fransiya, Xitoy, Rossiya kabi davlat boshqaruvi yo‘nalishida ilg‘or tizimga ega mamlakatlarda tajriba orttirib qaytdi.
Davlat boshqaruvi yo‘nalishida Akademiya professor-o‘qituvchilari tomonidan 50 ga yaqin darslik, ilmiy adabiyotlar, o‘quv-qo‘llanmalar chop etildi. Shuningdek, 100 ga yaqin ilmiy maqola va monografiyalar milliy va yuqori impakt faktorli xalqaro jurnallarda e’lon qilindi.
2023-2024 o‘quv yili Akademiya uchun samarali xalqaro aloqalarga boy bo‘ldi. Jumladan, 40 ga yaqin xalqaro aloqalar yo‘lga qo‘yildi. Singapur, Germaniya, Fransiya, Koreya Respublikasi, Turkiy davlatlar tashkilotiga a’zo mamlakatlar, Ozarbayjon, Shveysariya kabi mamlakatlarning davlat boshqaruvi kadrlarini tayyorlashga mas’ul tashkilot va o‘quv muassasalari bilan hamkorlik bo‘yicha 20 ga yaqin memorandum va shartnoma imzolandi.
100 ga yaqin vazirlik, idora, viloyat, tuman, shahar hokimlik vakillari, Akademiya professor-o‘qituvchilari uchun AQSH, Buyuk Britaniya, Germaniya, Fransiya, Turkiya, Rossiya, Xitoy, Shveysariya, Latviya, Janubiy Koreya, Yaponiya va boshqa qator mamlakatlarda malaka oshirish dasturlari Davlat boshqaruvi akademiyasi tomonidan tashkil etildi.
Buxoro viloyatidagi 5 ta oliy o‘quv yurtining 172 nafar professor-o‘qituvchilari bilan birgalikda 13 ta tuman (shahar)lardagi 544 ta mahalla, xususan, 13 ta “qizil hudud” toifasiga kiritilgan mahallalarga o‘quv-uslubiy yordam ko‘rsatildi.
Qator tuman (shahar)laridagi sektor rahbarlari hamda 4 ta toifadagi 232 ta mahallaning 1 ming 341 nafar “Mahalla yettiligi” tizimi mas’ullari uchun 3 kunlik o‘quv-seminarlari tashkil etildi. Ushbu o‘quv-seminarlarda 2 mingga yaqin mas’ullar o‘qitildi.
Akademiya tomonidan davlat xizmatchilari va boshqa boshqaruv kadrlarining zamonaviy kompetensiyalarini oshirish, o‘z xizmat faoliyatini samarali bajarish uchun xizmat qiladigan yangi kurslar, trening dasturlari tayyorlash ishlari davom ettirilmoqda.
N.Abduraimova, O‘zA