Senat yalpi majlisida “Davlat boji to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi qonuniga qo‘shimchalar va o‘zgartirish kiritish haqida”gi qonun muhokama qilindi.
Mazkur masala yuzasidan ma’ruza qilgan Mudofaa va xavfsizlik masalalari qo‘mitasi a’zosi Rustam Kalonov qonun cug‘urta xizmatlari iste’molchilarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilishga qaratilganini qayd etdi.
Qonun bilan fuqarolik va iqtisodiy sudlarda sug‘urta qildiruvchilar (sug‘urtalangan shaxslar, naf oluvchilar, jabrlanuvchilar) – majburiy sug‘urta shartnomalaridan kelib chiqadigan da’volar yuzasidan davlat bojini to‘lashdan ozod etilishi belgilab qo‘yilmoqda.

Qonun bilan ma’muriy-hududiy birliklar tuzilganligi yoki tugatilganligi, ularning chegaralari yoki bo‘ysunuvi o‘zgarganligi natijasida tadbirkorlik sub’ektlarining va boshqa yuridik shaxslarning joylashgan yeri (pochta manzili) o‘zgarganda, ularni qayta davlat ro‘yxatidan o‘tkazganlik uchun davlat boji undirilmasligi to‘g‘risidagi norma ham belgilab qo‘yilmoqda.
Qonun bo‘yicha ko‘pchilik senatorlar o‘z mulohazalarini bildirdi:
Senator Maryam Niyozova: Oqdaryo tumanidan Samarqand shahriga qo‘shilayotgan hududda 30 ga yaqin sanoat korxonalari va xizmat ko‘rsatish shoxobchalari mavjud. Samarqand tumanidan Samarqand shahriga o‘tkazilayotgan hududda esa 20 ga yaqin ana shunday korxona bor. O‘ylaymanki, Samarqand viloyatining Samarqand shahri, Samarqand va Oqdaryo tumanlari chegaralarini o‘zgartirish to‘g‘risidagi qaror qabul qilingunga qadar bugun muhokama qilinayotgan qonun kuchga kiradi va kelajakda tadbirkorlarimiz qayta ro‘yxatdan o‘tish jarayonida davlat bojini to‘lashdan ozod etiladi.
Senator Nusratulla Pardayev: Mol-mulkini tijorat asosida tashish xizmatlardan foydalanayotganlar kundan-kunga ortib bormoqda va hech qaysi yo‘lovchi yoki tadbirkor fors-major holatga duch kelmasligini kafolatlay olmaydi. Ana shunday holatlarda sug‘urta kompaniyalari o‘z majburiyatlarini bajarmayotganliklari yuzasidan ham murojaatlar kelib tushmoqda. Qonun shahar yo‘lovchilar transportida, temir yo‘l, havo, avtomobil, daryo transportida va boshqa transportlardan foydalangan yo‘lovchilar hamda tadbirkorlar sudlarga kiritgan da’vo arizalari qanoatlantirilmasa, davlat boji undiriladi, deb xavotirga tushmaydi.
Senator Moyra Tosheva: Istiqbolli loyihalar milliy agentligining Sug‘urta bozorini rivojlantirish departamentiga faqatgina 2023 yilda majburiy sug‘urta turlari bo‘yicha sug‘urta kompaniyalarining xatti-harakatlaridan norozi bo‘lib qariyb 2 mingga yaqin murojaat kelib tushgan. Ushbu murojaatlarining 1,6 mingdan ortig‘i transport vositalari egalari tomonidan yozilgan bo‘lib, fuqarolar transport vositalari majburiy sug‘urta qilingan bo‘lsa-da, sug‘urta pullari to‘lab berilmayotganligidan norozi bo‘lgan. Fuqarolar tomonidan kiritilgan davo arizalari sudlar tomonidan qanoatlantirilmasa, fuqaro o‘z cho‘ntagidan 1,6 million so‘m to‘lashi oilaviy byudjetga zarar bo‘lishini o‘ylab, aksariyat holatlarda sudlarga da’vo arizalarini kiritmaydi. Qonun bilan fuqarolar davlat bojini to‘lashdan ozod etilishi ularning huquqlari cheklanmasligiga olib keladi.
Senator Sayyora Abdukarimova: Tuproqqal’a tumani tashkil etilgandan keyin ushbu hududda faoliyat yuritayotgan tadbirkorlik sub’ektlari va boshqa yuridik shaxslar yangi ma’muriy-hududiy birliklar tuzilishi natijasida davlat bojini to‘lagan holda o‘z korxonalarini qayta davlat ro‘yxatidan o‘tkazishlariga majbur bo‘ldi. Bu holat korxonalar uchun ularning faoliyatida qo‘shimcha xarajatlarga olib keldi. Qonun kelajakda tadbirkorlarimiz qo‘shimcha xarajatdan xalos bo‘lishlariga zamin yaratadi.
Senator O‘ktamjon Oxunov: Ish beruvchining fuqarolik javobgarligini sug‘urta qilish shartnomalari bo‘yicha sug‘urta kompaniyalari tomonidan sug‘urta pullarini to‘lash rad etilganligi yoki o‘z vaqtida to‘lab berilmaganligi yuzasidan faqatgina 2023 yilda fuqarolardan mutasaddi tashkilotlarga 100 ga yaqin murojaat kelib tushgan. Qonun yuqorida aytib o‘tilgan muammolarning aksariyati bartaraf etilib, fuqarolarimiz moliyaviy tarafini o‘ylamasdan, qo‘rqmasdan sud organlariga murojaat qilib, o‘z haq-huquqlarini talab qilishlariga xizmat qiladi.

Senatorlar ma’qullagan qonun tadbirkorlik sub’ektlarining va boshqa yuridik shaxslarning qonuniy manfaatlarini himoya qilishning huquqiy choralarini kuchaytirishga, ularning faoliyatida ortiqcha xarajatlarning oldini olishga, shuningdek, cug‘urta xizmatlari iste’molchilarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish uchun qulay shart-sharoitlar yaratishga xizmat qiladi.

Norgul Abduraimova, Nosir Haydarov (surat), O‘zA