Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi O‘zLiDeP fraksiyasining navbatdagi yig‘ilishida «Davlat bojini undirish sohasidagi qonunchilik hujjatlari takomillashtirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining «Davlat boji to‘g‘risida»gi qonuniga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida»gi qonun loyihasi qizg‘in muhokamalarga sabab bo‘ldi.
Ta’kidlanganidek, ushbu hujjat bilan «Davlat boji to‘g‘risida»gi qonunning 8, 9, 10-moddalariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritilmoqda. Unga ko‘ra, Tadbirkorlik faoliyatini qo‘llab-quvvatlash davlat jamg‘armasi tomonidan fuqarolik ishlari bo‘yicha sudlar, iqtisodiy sudlar va ma’muriy sudlarga da’vo ariza, ariza va shikoyatlar bilan murojaat qilinganda, Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasi va uning hududiy organlari sudlarda ko‘rib chiqiladigan barcha ishlar hamda hujjatlar bo‘yicha davlat bojidan ozod qilinishi nazarda tutilmoqda.

Fraksiya a’zolari partiya maqsad-vazifalaridan kelib chiqqan holda qonun loyihasini yanada takomillashtirish bo‘yicha bir qator takliflarni ilgari surdilar. Qayd etilganidek, qonun loyihasining qabul qilinishi natijasida kelgusida Jamg‘arma mablag‘larining ortiqcha xarajatlarga sarflanishining oldi olinadi. Shuningdek, byudjet tizimlari mablag‘laridan oqilona foydalanilishiga xizmat qiladi.
Shuningdek, yig‘ilishda «Tuproq unumdorligini oshirish va muhofaza qilish to‘g‘risida»gi qonun loyihasi ham qizg‘in muhokama qilindi.
Respublikamizda tuproq unumdorligini oshirish va muhofaza qilish borasidagi qonunchilikdagi bo‘shliqlar sababli ko‘plab salbiy holatlar yuzaga kelayotgani alohida ta’kidlandi. Shu bois ushbu hujjatning qabul qilinishi sug‘oriladigan tuproqlar unumdorligini pasayish jarayonlariga barham berishga, tuproqlar unumdorligini oshirish va muhofaza qilishning qonuniy asoslari mustahkamlanishiga zamin bo‘ladi.
Fraksiya a’zolari hozirgi ekologik vaziyatda ushbu qonunning nihoyatda muhimligi hamda uning qabul qilinishi orqali tuproqlar ekologik holati yaxshilangan holda yaylov o‘simliklari bioxilma-xilligi oshishini hisobga olib, uni ma’qulladilar.
Muhtarama Komilova, O‘zA