Davlat bayrog‘i qabul qilingan kun keng nishonlandi
Jizzax viloyatining har bir shahri va tumani markazlari, tashkilot, korxona va o‘quv muassasalarida O‘zbekiston Respublikasi Davlat bayrog‘i qabul qilinganligining 33 yillik tantanalari keng nishonlandi.
Viloyat markazi – Jizzax shahrida harbiylar va yoshlardan iborat ishtirokchilar shahardagi Sharof Rashidov shoh ko‘chasidan yurish qilib, Mustaqillik maydonida saf tortdi.
Mustaqillik maydoniga o‘rnatilgan 65 metr balandlikda hilpirab turgan ulkan bayroq ostida davlat madhiyasi ijro etildi.
Harbiylar, huquq-tartibot idoralari xodimlari, madaniyat va san’at maktablari, viloyat oliygohlari talabalari, sport sohasi vakillari, jamoatchilik, yoshlar va ommaviy axborot vositalari xodimlari ishtirok etgan tadbirda Jizzax viloyat hokimining o‘rinbosari Akmal Savurbayev so‘zga chiqib, barchani bayram bilan tabrikladi.
Bayram tadbirlari viloyatning shahar, tumanlaridagi tashkilot hamda idoralarda ko‘tarinki ruhda davom etdi.
Jumladan, Jizzax shahridagi 22-sonli umumta’lim maktabida O‘zbekiston Respublikasi Davlat bayrog‘i qabul qilingan kunning 33 yilligi munosabati bilan turli tadbirlar tashkil etildi.
[gallery-20445]
– Maktabimiz miqyosida “Davlat bayrog‘i – faxrim-g‘ururim” shiori ostida bir qator tanlovlar va sport musobaqalari bo‘lib o‘tdi, – deydi 22-sonli umumta’lim maktabi direktorining ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha o‘rinbosari Umida Hasanova. – Jumladan, rasmlar va insholar tanlovi, “Zakovat” intelektual o‘yini hamda shaxmat, shashka va voleybol musobaqalari tashkil etildi. Ushbu tanlov va musobaqalarda o‘quvchilarimiz katta ishtiyoq va shijoat bilan ishtirok etib, o‘z iqtidor va bilimlarini namoyish etdi. G‘olib va sovrindorlar faxriy yorliq hamda esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi.
– Jizzax shahrida 31 ta umumiy o‘rta ta’lim, 3 ta ixtisoslashtirilgan va 1 ta Prezident hamda 1 ta Barkamol avlod maktabi va 31 ta maktabgacha ta’lim tashkiloti faoliyat olib bormoqda, – deydi Jizzax shahar maktabgacha va maktab ta’limi bo‘limi maslahatchisi Jasur Bekmurodov. – Umumta’lim maktablarida 39 mingdan ortiq o‘quvchi, maktabgacha ta’lim tashkilotlarida 11 mingdan ortiq farzandlarimiz ta’lim-tarbiya olmoqda. Har bir umumta’lim maktabimizda darslar boshlanishidan avval O‘zbekiston Davlat madhiyasi ijro etilib, Davlat bayrog‘i ko‘tariladi. Bugungi tong ham xuddi shunday boshlandi. Lekin bugungisi boshqacha, chunki bugun davlat bayrog‘i qabul qilingan kunga 33 yil to‘ldi. Har bir ta’lim muassasasida bolajonlarimizga Davlat bayrog‘imiz bizning faxrimiz, g‘ururimiz, davlatimizning birinchi ramzi ekani, undagi ranglar, oy va yulduzlar haqida batafsil ma’lumotlar berildi.
Bayrog‘imiz qabul qilingan kunga bag‘ishlab o‘tkazilgan tadbirlarda o‘quvchilar mamlakatimiz davlat ramzlari, ularning tasvirlari mazmun-mohiyati va ahamiyati haqida chiqishlar qildi. O‘quvchilarning Davlat bayrog‘ining tasviri mohiyati, undan foydalanish qoidalari haqidagi fikr-mulohazalari yig‘ilganlarga manzur bo‘ldi. O‘quvchilar Davlat bayrog‘i madhiga bag‘ishlangan she’r va qo‘shiqlarni mahorat bilan ijro etdi.
<iframe width="560" height="315" src="https://www.youtube.com/embed/Jjrm_OlOkOI?si=NtkS2cBc8GRNzvHx" title="YouTube video player" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>A.Qayumov, J.Yorbekov (video,surat),
O‘zA muxbirlari