Navoiy viloyati Zarafshon shahrida respublikamizda birinchi bo‘lib “ZARAFSHON GRAND SERVIS” mas’uliyati cheklangan jamiyati tomonidan umumiy qiymati 2,7 milliard so‘m bo‘lgan davlat-xususiy sherikchilik asosida qurilgan yangi zamonaviy davlat arxivi binosi foydalanishga topshirildi.
Bino ochilishda arxivlarning jamiyatimizda tutgan o‘rni, yurtimizda arxivlar ishi sohasida amalga oshirilayotgan ishlar haqida so‘z bordi.
Zarafshon shahar davlat arxivida 4 nafar xodim faoliyat yuritib, jismoniy va yuridik shaxslardan 1030 ta so‘rov ijrosi hamda 11 mingta kadr arxiv hujjatlarining raqamlashtirish ishlarini amalga oshirgan.
[gallery-9250]
– Zarafshon shahar davlat arxivi 1982 yil 15 oktyabrda tashkil etilgan bo‘lib, qariyb 40 yil davomida turli tashkilotlarda ijarada faoliyat yuritib kelgan, – deydi Navoiy viloyati arxiv ishi hududiy boshqarmasi boshlig‘i Sayyora Bekova. – Mazkur tashkilot Zarafshon shahar va Uchquduq tumanida arxiv ishi va ish yuritish sohasida yagona davlat siyosatini yuritadi, O‘zbekiston Respublikasi Milliy arxiv fondi hujjatlarini shakllantirish, ularning saqlanishi, davlat hisobi yuritilishini ta’minlash va ulardan foydalanishni amalga oshiruvchi davlat muassasasi sanaladi. Hozirgi kunga qadar davlat arxivi Xalq demokratik partiyasining balansida bo‘lgan binoning 4-qavatidagi 7 ta xonada joylashgan bo‘lib, hujjatxonalar sig‘imdorligi 280 foizni tashkil etmoqda.
Arxiv saqlovida 175 ta fondda 20 mingga yaqin saqlov birlikdagi hujjatlar saqlanmoqda. Arxiv o‘zining ma’muriy binosiga ega bo‘lmaganligi sababli tashkilotlarning idoraviy arxivlarida 90 ming saqlov birlikdagi hujjatlar saqlov muddatidan o‘tgan holda saqlanmoqda.
Foydalanishga topshirilgan yangi davlat arxivi binosi yuz ming saqlov birlikdagi hujjatlarni saqlash sig‘imiga ega bo‘lgan hujjatlar saqlov xonasi, har bir xodim uchun alohida xona, majlislar zali, kutubxona, tadqiqotchilar uchun ishlash zali, hujjatlarga ilmiy-texnikaviy ishlov berish xonasi, fuqarolarni qabul qilish va ma’lumotlarni berish xonalaridan iborat bo‘lib, kelajakda hujjatlar saqlov xonalariga zamonaviy mobil javonlar o‘rnatish, boshqa qator qulayliklar yaratish mumkin.
Abduvali Bo‘riyev, Siroj Aslonov, O‘zA