Davlat aktivlarini xususiylashtirish istiqbollari
Nukusda Prezidentimizning joriy yil 27 oktyabrdagi “Davlat ishtirokidagi korxonalarni isloh qilishni jadallashtirish hamda davlat aktivlarini xususiylashtirishga oid chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi farmonining mazmun-mohiyatiga bag‘ishlangan brifing bo‘lib o‘tdi.
Davlat aktivlarini boshqarish agentligi Qoraqalpog‘iston Respublikasi hududiy boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari Ajiniyoz Mnajov va boshqa mutaxassislar ta’kidlaganidek, mazkur farmon davlat korxonalarini boshqarish, transformatsiya qilish, davlat aktivlarini sotishdan oldin tayyorlash, xususiylashtirish va uning tartiblarini belgilaydi.
Farmonning 4-ilovasi bilan Qoraqalpog‘iston Respublikasidagi 12 ta davlat ishtirokidagi korxonada davlat ulushlarini xususiylashtirish belgilangan. Jumladan, 9 ta ana shunday korxonaning davlat aksiya paketlari va ulushlari ommaviy savdolar orqali sotiladi, 3 ta aksiyadorlik jamiyatining davlat aksiya paketlari ushbu jamiyatlardagi davlat ulushi bor ta’sischilar ustav fondiga nominal qiymatda o‘tkaziladi. Farmon ijrosini ta’minlash bo‘yicha Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi va Vazirlar Kengashiga berilgan vakolatlar doirasida 50 ta davlat ko‘chmas mulki ob’ektining ommaviy savdolarga chiqarilishi ta’minlanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tashabbusi bilan Bosh vazir qabulxonalari huzurida Davlat aktivlarini boshqarish agentligi (Agentlik) tomonidan korxonalarni sog‘lomlashtirish va xususiylashtirish klinikalari tashkil etish belgilangan edi.
Ushbu topshiriqning ijrosini ta’minlash maqsadida Qoraqalrog‘iston Respublikasi Savdo-sanoat palatasining yangi binosida Korxonalarni sog‘lomlashtirish va xususiylashtirish klinikasi tashkil etildi. Klinika agentlik tomonidan muvofiqlashtirilgan holda Davlat xizmatlari markazi, Savdo-sanoat palatasi, Ombudsman va boshqa jamoat tashkilotlari bilan hamkorlikda faoliyat ko‘rsatmoqda.
Tadbirkorlar va korxonalarning muammosidan kelib chiqqan holda klinika faoliyatiga davlat aktivlarini boshqarish agentligi, Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi, Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligi, davlat soliq qo‘mitasi, davlat bojxona qo‘mitasi, tijorat banklari, boshqa mutassaddi tashkilotlar mas’ul xodimlari “yagona darcha” tamoyili asosida jalb qilingan.
Klinikaning asosiy vazifalari, xususiylashtirilayotgan ob’ektlar to‘g‘risida ma’lumot, xususiylashtirish tartibi, savdolar turi, savdolarni o‘tkazish va ularda qatnashish tartibi, imtiyoz va preferensiyalarni tushuntirib berishdan iborat. Shuningdek, korxonalarning davlat organlari bilan bog‘liq muammolarini bartaraf etish bo‘yicha amaliy ko‘rsatma berish, biznesni yuritish va korporativ boshqaruvni yo‘lga qo‘yishda amaliy yordam, yuridik va moliyaviy-iqtisodiy maslahatlar berish bo‘lib hisoblanadi.
Klinikaga bugungi kunda yuridik va jismoniy shaxslardan bo‘sh bino va ijara, xususiylashtirish, korporativ va mulk, yer va auksion, kredit masalalarida jami 66 ta murojaat kelib tushgan. Shundan 53 tasi hal etilgan bo‘lsa, 13 tasi ko‘rib chiqilmoqda. Ko‘rib chiqilgan murojaatlardan 39 tasiga tushuntirish berilgan,
Brifingda ommaviy axborot vositalari vakillari va blogerlar o‘zlarini qiziqtirgan savollarga javob oldi.
[gallery-279]
Dovud ABIBULLAEV, Maqsad HABIBULLAEV (surat), O‘zA