Dasturlar ijrosiga bag‘ishlandi
O‘zbekiston elektron ommaviy axborot vositalari milliy assotsiatsiyasi (O‘zEOAVMA)ning “O‘zbekiston Respublikasi mustaqilligining 30 yilligiga bag‘ishlangan “Yangi O‘zbekiston– yangi nigoh” milliy media dasturi hamda O‘zEOAVMA va unga a’zo nodavlat teleradiokanallarning 2021 yil – Yoshlarni qo‘llab-quvvatlash va aholi salomatligini mustahkamlash yiliga mo‘ljallangan rivojlanish dasturi vazifalarini ijro etishga bag‘ishlangan anjuman o‘tkazildi.
Tadbirda O‘zEOAVMAga a’zo teleradiokanallar, kabel televideniyesi studiyalari direktorlari, bosh muharrirlari, ijodiy va texnik xodimlari ishtirok etdi.
O‘zEOAVMA boshqaruvi raisi F.Abduxoliqov, Assotsiatsiya bosh direktori J.Safoyev, Ekspertlar kengashi raisi Sh.G‘ulomov va boshqalar so‘nggi yillarda Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev rahbarligida mamlakatimizda ommaviy axborot vositalarini rivojlantirish, axborot va so‘z erkinligini ta’minlashga katta e’tibor qaratilayotgani, mamlakatni har taraflama rivojlantirishda ommaviy axborot vositalarining ahamiyatini kuchaytirish, mulkchilik shaklidan qat’i nazar, media-bozorda ular uchun teng shart-sharoitlar yaratish, shuningdek, davlat-xususiy sheriklik tamoyili asosida loyihalarni shakllantirish kabi masalalarga e’tibor qaratdi.
Mazkur milliy media dasturi O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi huzuridagi Nodavlat notijorat tashkilotlarini va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlarini qo‘llab-quvvatlash jamoat fondining mablag‘larini boshqarish bo‘yicha Parlament komissiyasi, YUNESKO va Konrad Adenauer jamg‘armasining O‘zbekistondagi vakolatxonalari singari bir qator davlat, jamoat va xalqaro tashkilotlar bilan hamkorlikda ishlab chiqildi.

“Yangi O‘zbekiston – yangi nigoh” media dasturi o‘z ichiga O‘zbekiston elektron ommavaiy axborot vositalari (O‘zEOAVMA) faoliyatini kengaytirish, Axborot saytlari va ijtimoiy tarmoqlarni rivojlantirish bo‘yicha hamkorlik, Respublika hududidagi nodavlat elektron OAVlarni yanada rivojlantirish, yosh jurnalistlar uchun keng imkoniyatlar yaratish, yetuk mutaxassislarni tayyorlash va qayta tayyorlash tizimini takomillashtirish, faol jurnalistlarni rag‘batlantirish, xorijiy jamoatchilikning mustaqilligimiz 30 yilligi arafasida o‘tkaziladigan tadbirlar, 2017-2021 yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi yuzasidan Harakatlar strategiyasini amalga oshirish bo‘yicha xabardorligini oshirish, shuningdek, bu yilgi saylovoldi kampaniyasining xorijiy OAVlarda xolisona yoritilishi ta’minlash, O‘zbekiston Prezidentining fan, madaniyat va san’atni rivojlantirish, madaniy merosni saqlash, o‘rganish va ommalashtirish yuzasidan amalga oshirayotgan islohotlarini, milliy va xalqaro jamoatchilikni Yangi O‘zbekistonning jahon tamadduniga qo‘shgan hissasi, Uchinchi renessans g‘oyalarini ommalashtirishni keng yoritish singari bo‘limlardan iborat bo‘lib, jami 60 ta loyihani qamrab oladi.
Dastur doirasida “Yangi O‘zbekistonning yuzi”, “Yangi O‘zbekistondan gapiramiz”, “Bizning mamlakatimiz – bizning taqdirimiz”, “Hafta yakunlari”, “Erkin fikr”, “Yangi O‘zbekistonda ayolning o‘rni”, “Kelajak biz bilan”, “O‘zbekiston jahonga yuz tutmoqda”, “Diqqat markazida – O‘zbekiston”, “Uchinchi renessansga nigoh” singari va boshqa ko‘plab loyihalarni amalga oshirish ko‘zda tutilgan.
Konferensiyada “Reklama to‘g‘risida”gi qonunga o‘zgartirish va qo‘shimchilar kiritish yuzasidan taklif va mulohazalarni ishlab chiqish, teleradikanallar qoshidagi badiiy kengashlar faoliyatini muvofiqlashtirish, ularning yangilangan tarkibi va nizomlarini tasdiqlash, O‘zEOAVMAga yangi a’zolarni qabul qilish masalalari ham ko‘rib chiqildi.
Gulmira Nusratova, O‘zA