Dasturdan dasturlarga o‘tayotgan muammolar qachon yechim topadi?
Farg‘ona viloyati Farg‘ona tumanidagi Chimyon qishlog‘i go‘zal tabiati, samimiy va dilkash odamlari bilan dong taratgan.
Yer qa’ridan chiqayotgan shifobaxsh suvlari ming dardga davo. Shu bois bu yerdagi sihatgohlarda har yili minglab yurtdoshlarimiz dam olib, salomatligini tiklaydi. Ayniqsa, Huvaydo majmuasi ko‘hna yurtning o‘ziga xos madaniyat va ma’rifat maskani sifatida yurtdoshlarimiz bilan gavjum.
“Chimyon”, “Qurilish”, “Zilol” kabi mahalla fuqarolar yig‘inlarida umrguzaronlik qilayotgan aholi hayot tarzida ko‘plab o‘zgarishlar yuz bermoqda. Ularga munosib turmush sharoitlarini yaratib berish yo‘lida manzilli dasturlar amalga oshirilmoqda. Bir qaraganda, hammasi risoladagidek ko‘rinadi, biroq biz bu yerda bo‘lganimizda ko‘zdan yiroq, e’tibordan chetda qolgan bir qator muammolar borligi oydinlashdi.
“Zilol” mahalla fuqarolar yig‘inida bugungi kunda uch ming nafardan ortiq aholi istiqomat qilmoqda. Yuzdan ortiq tadbirkorlik sub’ektlari faoliyat ko‘rsatmoqda. 66 ta oila “temir daftar”ga kiritilgan bo‘lib, ularni daromad topishiga, kambag‘allikdan chiqishiga ko‘mak berib kelinmoqda. Lekin kundalik turmush tarzi uchun muhim bo‘lgan shart-sharoitlar yetarli emasligi aholining haqli e’tiroziga sabab bo‘layotir. Xususan, bir necha yillardan buyon hududda toza ichimlik suvi yo‘q.

– Mahallamizda 2014 yilda ichimlik suvi bilan ta’minlash maqsadida ishlar boshlangan edi, – deydi Nusratjon ota Mirzaolimov. – Shu maqsadda bir kilometrdan ortiq quvurlar yotqizildi, lekin tarmoqqa ulash ishlari o‘lda-jo‘lda qolib ketdi. Vaholanki, hududimizda tik quduqda iste’mol uchun yaroqli suv bor. Shuni ulashga kelganda har kim o‘zini har yonga solyapti. Bu borada murojaat qilmagan idora qolmadi. Ammo biron bir amaliy natija bo‘lgani yo‘q. Olti yildirki, suvni tashib ichamiz.
Mazkur mahallada muammo faqat ichimlik suvi bilan bog‘liq emas. Elektr ta’minotida yuzaga kelayotgan yetishmovchiliklar borligidan ham ko‘z yumib bo‘lmaydi. Ayniqsa, qo‘l bola “sim yog‘ochlar”, ishdan chiqqan transformatorlar dilni xufton qiladi. Taajjublanarli jihati, bu muammolarni hal etish uchun dasturlar, loyihalar ishlab chiqilgan. Ammo undagi chora-tadbirlar amalda bajarilmasdan qolmoqda. Bunga yechim topilmayotgan aholi yugur-yugurlardan zerikib, shaxsiy mablag‘lari hisobidan 30 million so‘mga yangi transformator sotib olib, o‘rnatdi. Bir kilometrdan ortiq elektr tarmog‘i kabellarini almashtirdi. Har yili qish mavsumi kelishi bilan aholi tashvishga tushib qoladi. Chunki elektr-energiyaga bo‘lgan extiyojning ortib borishi tufayli yaroqsiz transformatorlar tez-tez nosozliklarga uchraydi. Achinarlisi, elektr –energiyasi quvvatining pastligi bois ayrim oilalar hatto televizor ko‘risha olmayotganligidan nolishdi.


– Aholining e’tirozlarida jon bor, – deydi mahalla fuqarolar yig‘ini raisi Muhammadjon Po‘latov. – Bu muammolar kecha yoki bugun paydo bo‘lgani yo‘q. U yillar davomida yechimini kutib turibdi. Ayrim masalalarni fuqarolarimiz hamjihatligi bilan bartaraf etishga harakat qilyapmiz. Ammo ko‘p mablag‘, loyiha talab etiladigan ishlarda imkoniyatimiz yo‘q. Mutasaddilarga bu bo‘yicha ko‘p bor murojaat qilib, yordam so‘raganmiz. Dasturga kiritamiz deya va’da berishadi xolos. Natija bo‘lmagach, aholi shu sharoitlarga ko‘nikishga majbur bo‘lmoqda.

Bu kabi muammolar faqat shu mahalla hayoti bilan bog‘liq emas. Farg‘ona viloyatidagi boshqa hududlarda ham yo‘l, suv, tabiiy gaz, elektr, ko‘mir ta’minoti bilan bog‘liq masalalarda murojaatlar ko‘p. Mutasaddilar esa mavjud muammolarning yechimini dasturlar bilan bog‘lash bilan qutulib qolishyapti. Sektor rahbarlari bu kabi salbiy holatlarga har kuni duch kelayotgan bo‘lsa-da, negadir tashabbus ko‘rsatmayapti. Uyma-uy o‘rganishlar natijasidagi aniqlangan kamchiliklar bartaraf qilinmasdan kelinmoqda. Aholi bu kabi ko‘zbo‘yamachilikka qachongacha chidashi mumkin?
M.Sulaymonov, M.Qodirov (surat), O‘zA