Dastur muvafffaqiyatli yakunlandi
Guliston davlat universiteti professor-o‘qituvchilari ishtirokida Xitoyning Tyanszin kasb-hunar va texnik kollejida tashkil etilgan birinchi EPIP o‘qituvchilarni tayyorlash dasturi muvaffaqiyatli yakunlandi. Mazkur dastur Xitoy va O‘zbekiston o‘rtasida kasb-hunar ta’limi sohasidagi hamkorlikni yanada chuqurlashtirish, ilg‘or ta’lim texnologiyalarini joriy etish hamda zamonaviy mutaxassislar tayyorlash sifatini oshirishga qaratilgani bilan ahamiyatli bo‘ldi. Bu haqda Guliston davlat universitetining xalqaro hamkorlik bo‘yicha prorektori Abdushohid Fozilov ma’lum qildi.
Joriy yilning 2–9-iyun kunlari bo‘lib o‘tgan o‘quv dasturi Shanxay hamkorlik tashkilotining Tyanszin sammitida belgilangan vazifalar ijrosi doirasida tashkil etildi. Uning yakuniy marosimida O‘zbekistonning Xitoydagi elchixonasi vakillari, Bijie kasb-hunar va texnik kolleji rahbariyati, Guliston davlat universiteti professor-o‘qituvchilari hamda ta’lim va texnologiya sohasidagi qator yirik kompaniyalar vakillari ishtirok etishdi.

Tadbir avvalida o‘quv dasturi jarayonlarini aks ettiruvchi qisqa hujjatli film namoyish etildi. Unda o‘zbekistonlik o‘qituvchilarning amaliy mashg‘ulotlardagi ishtiroki, ishlab chiqarish korxonalariga tashriflari hamda madaniy almashinuv tadbirlari yoritildi.

Tyanszin kasb-hunar va texnik kolleji partiya qo‘mitasi kotibi Li Yunmey dastur ishtirokchilarini muvaffaqiyatli yakun bilan tabriklab, ta’lim muassasasining 60 yildan ortiq tarixga ega ekani, kasb-hunar ta’limi sohasidagi ilg‘or tajribasi hamda sanoat va ta’lim integratsiyasi bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar haqida ma’lumot berdi.

– EPIP dasturi nazariy bilimlar, amaliy ko‘nikmalar va madaniy tajribalarni uyg‘unlashtirgan holda tashkil etildi. Bu ishtirokchilarning bilim va tajribasini boyitish, shuningdek, Xitoy va O‘zbekiston o‘rtasidagi ta’lim hamkorligini yanada mustahkamlashga xizmat qiladi, – dedi Guliston davlat universitetining xalqaro hamkorlik bo‘yicha prorektori.
Tadbirda O‘zbekistonning Xitoydagi elchixonasi maslahatchisi Aziz Muysinaliyev ham ishtirok etib, dasturni yuqori saviyada tashkil etgani uchun kollej rahbariyati va mutaxassislariga minnatdorlik bildirdi. U ta’lim, ilm-fan, texnologiya va innovatsiyalar sohasidagi hamkorlik yil sayin kengayib borayotganini ta’kidladi.

Dastur davomida ishtirokchilar EPIP ta’lim modeli asosida muhandislik loyihalarida qatnashdi, xalqaro WorldSkills musobaqasining qayta tiklanuvchi energiya yo‘nalishi bo‘yicha tajribalar bilan tanishdi hamda zamonaviy o‘qitish usullarini o‘rgandi.

– Mazkur trening universitet professor-o‘qituvchilari uchun muhim tajriba maktabi bo‘ldi. Bir haftalik o‘quv jarayoni davomida ishtirokchilar yangi energiya, sun’iy intellekt va raqamli texnologiyalar sohasidagi ilg‘or bilimlarni o‘zlashtirish, EPIP modelining mazmun-mohiyatini chuqur anglash hamda xalqaro hamkorlik aloqalarini kengaytirish imkoniga ega bo‘ldi, – dedi Abdushohid Fozilov.

Tomonlar kelgusida o‘qituvchilar almashinuvi, qo‘shma ilmiy tadqiqotlar, talabalar mobilligi hamda innovatsion ta’lim loyihalarini amalga oshirish bo‘yicha hamkorlikni yanada kengaytirishga kelishib olishdi.
G‘ulom Primov, O‘zA muxbiri