Daryodil shoirni yod etib
O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasida O‘zbekiston xalq shoiri Omon Matjon tavalludining 80 yilligiga bag‘ishlangan adabiy-ma’rifiy anjuman o‘tkazildi. Tadbirda atoqli shoir hayoti va ijodiga bag‘ishlangan film namoyish etildi.
O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi raisi, xalq shoiri Sirojiddin Sayyid adabiyot rivojiga ko‘rsatilayotgan e’tibor ustoz ijodkorlar adabiy merosining barhayotligini ta’minlashda ham namoyon bo‘layotganini ta’kidladi.
– Omon Matjon so‘z yo‘lida beminnat zahmat chekkan, o‘z elini avj ohanglarda kuylagan ijodkor edi, – dedi O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi raisi, xalq shoiri Sirojiddin Sayyid. – Uning nainki ijodi, balki she’riy to‘plamlari, dostonlarining nomlanishi ham kitobxonni ma’naviy kamolot sari undaydi. Omon Matjon daryodil shoir ediki, she’riyatga ham daryodek kirib keldi.
– O‘tgan asrning oltmishinchi yillarida adabiyotimizga bir guruh shoirlar ajoyib guldastadek kirib keldi, – dedi O‘zbekiston xalq yozuvchisi Muhammad Ali. – Omon Matjonning adabiyot dunyosiga kirib kelganini muxlislar his etishdi. Omonjon so‘z topishda, topqirlikda namuna bo‘lishga arzigulik ijodkor edi. Kitobxon uning she’rlarini o‘qigani sari o‘qigisi kelaveradi. Omon Matjon she’riyati xalq afsonalari, ertaklaridan otilib chiqqan she’riyatdir.
Adabiy anjumanda shoirning ijod yo‘li, she’r va dostonlarining ahamiyati, uning she’ri bilan kuylanib, xalqimizning ko‘ngil mulkiga aylanib ketgan qo‘shiqlari xususida batafsil so‘z yuritildi.
Omon Matjon 1943 yil 14 fevralda Xorazm viloyati Gurlan tumanidagi Bog‘olon qishlog‘ida tug‘ilgan. 1969 yilda Samarqand davlat universitetini tamomladi. Xalqimizning ardoqli shoiri qariyb oltmish yillik ijodiy faoliyati davomida "Ochiq derazalar", "Karvon qo‘ng‘irog‘i", "Quyosh soati", "Yonayotgan daraxt", "Yarador chaqmoq", "Haqqush qichqirig‘i" kabi she’riy to‘plamlar, "Najmiddin Kubro", "Gaplashadigan vaqtlar", "Cho‘ldagilar", "Ming bir yog‘du" kabi dostonlar, bir qator nasriy asarlar, ma’rifiy badialar yaratdi.
Jahon adabiyotining Fridrix Shiller, Sharl Bodler, Yevgeniy Yevtushenko, Rasul Hamzatov, Shandor Petyofi, Yustinas Marsinkyavichyus, Berdi Kerboboyev, Ibroyim Yusupov singari mumtoz va zamonaviy adabiyot namoyandalari merosidan qilgan tarjimalari bilan o‘ziga xos maktab yaratdi. Uning turli janrlardagi asarlari dunyoning bir qator tillariga tarjima qilingan.
Istiqlol yillarida shoirning ijodiy va ijtimoiy faoliyati yanada yorqin namoyon bo‘ldi. Vatanimiz ozodligi, xalqimizning erkin va obod hayotini tarannum etadigan ko‘plab she’riy va nasriy asarlari, shonli tariximiz, milliy qadriyatlarimiz, buyuk ajdodlarimiz merosini asrab-avaylashga oid kitob va risolalari adabiyot muxlislari, keng jamoatchilikda katta qiziqish uyg‘otdi.
Omon Matjon yuksak badiiy she’r va dostonlari, dramatik asarlarida Vatanimizga, xalqimizga, ibratli qadriyatlarimizga mehr va sadoqatini yuksak mahorat bilan tarannum etdi. Uning sermazmun asarlari xalqchilligi, hayotiyligi bilan adabiyotimiz xazinasidan munosib o‘rin egalladi.
Shoir ko‘plab yosh ijrdkorlarga ustozlik qildi. Uning "Umr o‘tar...", "Tabassum qil", "Mening kimligimni el bilsa bo‘ldi", "Avvalgilarga o‘xshamas" kabi she’rlari xalqimizning mashhur san’atkorlari tomonidan kuylanib, milliy qo‘shiqchiligimiz durdonasiga aylangan.
Adabiy anjumanda shoirning ijod yo‘li xususida batafsil so‘z yuritildi. Omon Matjon she’ri bilan aytiluvchi qo‘shiqlar kuylandi. Muxlislarga shoirning kitoblari tuhfa etildi.
Nazokat Usmonova, O‘zA muxbiri