Darya Xomutyanskaya Toshkentda chempion bo‘ldi
Toshkent shahridagi “Olimpiya shaharchasi” tennis kortlarida bo‘lib o‘tgan “ITF W15 Tashkent” xalqaro ayollar tennis turnirida yakkalik bahslari o‘z nihoyasiga yetdi.
O‘zbekiston tennis federatsiyasi tashabbusi va Xalqaro tennis federatsiyasi (ITF) homiyligida tashkil etilgan mazkur musobaqaning yakkalik bahslari finalida belaruslik Darya Xomutyanskaya va rossiyalik Darya Yegorova o‘zaro raqobatlashdi. Mazkur bahsda D.Xomutyanskaya raqibini 6:2, 6:2 hisobida mag‘lub etdi hamda musobaqa g‘olibiga aylandi.

Eslatib o‘tamiz, nufuzli musobaqaning juftlik bahslarida belaruslik Darya Xomutyanskaya va Kseniya Yersh tandemi qozog‘istonlik Asiljan Aristanbekova va Ingkar Dussembay duetini 6:3, 2:6, 10:8 hisobi bilan mag‘lub etib, bosh sovringa ega chiqqan edi.

Darvoqe, bugun “Olimpiya shaharchasi” tennis kortlarida W15 tasnifiga kiruvchi “Hayot Bank Cup – 2” xalqaro turniri start oladi va 2 noyabr kuniga qadar davom etadi.

Javohir Toshxo‘jayev, O‘zA