Joriy yil boshida Farg‘ona viloyatidagi 317,2 ming nafar aholining daromadi past bo‘lib, kambag‘allik darajasi 7,6 foizni tashkil etgan. “Kambag‘allikdan farovonlik sari” dasturi doirasida 33 mingdan ortiq ehtiyojmand oilalarni kambag‘allikdan chiqarish belgilangan bo‘lib, bu borada amaliy ishlarga kirishildi.
Oltiariq tumanidagi “Obod” mahalla fuqarolar yig‘ini, ishsizlik, kambag‘allikdan holi hududga aylandi. Bu bejiz emas.
Tuman markazidan birmuncha olisda joylashgan chekka mahallaning bu qadar taraqqiy etib rivojlanishida, “mahalla yettiligi” va hamqishloqlarning hamjihatligi muhim. Keyingi yillarda bu yerda tomorqadan samarali foydalanish, tadbirkorlik tarmoqlari faoliyatini kengaytirish, qo‘llab-quvvatlashga bo‘lgan e’tibor oshdi.
O‘tgan yilning o‘zida 25 nafar ishsiz, ijtimoiy himoyaga muhtoj oila kambag‘allikdan chiqarildi. Tadbirkorlik, tomorqachilik, chorvachilik, savdo va xizmat ko‘rsatish tarmoqlarini qamrab olgan mikroloyiha, tadbirkorlik sub’ektlari faoliyatlari uchun umumiy qiymati 3 milliard so‘mdan ortiq imtiyozli kredit mablag‘lari berildi. Ularni doimiy daromadli qilish va kambag‘allikdan chiqarish maqsadida salohiyatli tadbirkorlarga biriktirish, kasb-hunarga o‘qitish, ekin yerlari ajratish choralari ko‘rilmoqda.
Tomorqa va ekin maydonlaridan bir emas, 2-3 marta hosil olish, bug‘doydan bo‘shagan maydonlarda takroriy ekin turlari yetishtirish, saqlash va sotish borasida tajribalar ommalashdi. Migratsiyadan qaytgan, ijtimoiy himoya daftarlariga kiritilgan 12 nafar ishsiz yoshlar, xotin-qizlarga 9 gektar ekin maydonlari ajratib berildi.
Uch nafar farzandning otasi Hoshimjon Jo‘rayev ishsizligi bois bir necha yildirki mehnat migranti bo‘lib ishlab keladi. Ammo “Qo‘l bilan berganga qush to‘ymas” deganlaridek harakat qilsa-da, topgani ro‘zg‘or kam-ko‘stidan ortgani yo‘q. Bir tomondan farzandlari ulg‘ayib kelyapti, chala qolgan uyning tomini yopish muammosi turibdi.
Tomorqasi bor, lekin undan unumli foydalanishga imkon topa olmaydi. Hududda uzumchilik rivojlangan, ammo bu ne’matni parvarishlab, daromad olish uchun mehnat, vaqt, sabr-toqat kerak. Ana shunday o‘y-xayollar girdobida yana xorijga borib ishlashga taraddud ko‘rib turgan damlarda “mahalla yettiligi”, faollar xonadonga keldi.
Mahalladagilar Hoshimjonning dehqonchilikdan xabardorligini yaxshi biladi. Shu bois unga tomorqada issiqxona xo‘jaligi faoliyatini yo‘lga qo‘yish va buning uchun 33 million so‘m imtiyozli mablag‘ berish imkoniyati borligini bayon qildi.
– Avvaliga biroz ikkilandim, biroq ko‘z qo‘rqoq, qo‘l botir deganlari rost ekan, – deydi Hoshimjon issiqxonada hosilga kirgan qulupnaylarni qo‘lga olib. – Qish mavsumida bahor ne’matlarini yetishtirish bizning tomorqachiligimizga xos emas. Lekin intilgan, izlangan imkon topar ekan. 2,5 sotix yerda issiqxona qurib bitkazilgach unga nima ekish kerak, degan o‘y tinchlik bermay qo‘ydi. Oltiariq tomorqachiligiga mos bo‘lgan, pomidor, bodring eksam ham bo‘lardi. Biroq, bozorda talab yuqori bo‘lgan sabzavot ekini yetishtirishni maqsad qildim. Ijtimoiy tarmoqlar orqali qishda qulupnay yetishtirish borasidagi ish tajribalar bilan tanishdim. Andijon viloyati, Asaka tumanida bu yo‘nalishda ish olib borayotgan mirishkorlar bilan bog‘lanib, o‘zaro tajriba almashdim, ikki ming tupdan ortiq ko‘chat olib kelib parvarishga qo‘ydim. Ekinlarimiz hosilga kirganiga 45 kundan oshdi. Bu yo‘nalishda ish boshlab adashmagan ekanman. Mahsulotlarimiz xaridorgir, bir kilosini 150-200 ming so‘mdan sotyapmiz. Pishiqchilik mavsumi yana olti oy davom etadi. Xorijda ishlab ham bu qadar ko‘p daromad topganim yo‘q. Kunlar iliy boshlashi bilan chala qolgan qurilishlarni bitkazib, farzandlarim ta’lim-tarbiyasi, yashash tarzi uchun qulay shart-sharoitlar yaratib berishni ko‘zlab turibman. Shuningdek, issiqxona hajmini yana ikki hissaga kengaytirishni rejalashtirganman.
– Qish mavsumida issiqxona sharoitida qulupnay yetishtirish borasidagi ish tajribalarini boshqa tomorqa xo‘jaliklarida ham ommalashtirishga alohida e’tibor beryapmiz, – deydi mahalladagi hokim yordamchisi Qilichbek Abdujabborov. – Shu maqsadda qulupnay parvarishlash, ko‘chat yetishtirib, daromad olish imkoniyatlari xususida targ‘ibot ishlariga alohida e’tibor qaratyapmiz. Bundan tashqari, “Kambag‘allikdan farovonlik sari” tamoyili doirasida 40 ta mikroloyiha va “Biznesga birinchi qadam” dasturlari asosida 5 milliard so‘mdan ortiq imtiyozli kredit mablag‘larini o‘zlashtirish orqali 200 dan ortiq yangi ish o‘rinlari yaratish va 17 ta kam ta’minlangan oilalarni kambag‘allikdan chiqarishga qaratilgan ”yo‘l xarita”lari ishlab chiqildi.
O‘tgan yilning o‘zida sanoat, tomorqachilik, asalarichilik, bog‘dorchilik, ko‘chat yetishtirish, meva saqlash va qayta ishlash bilan bog‘liq 18 ta tadbirkorlik sub’ektlari tashkil etildi. Yosh tadbirkor Hojiakbar G‘aniyev tashabbusi bilan “Hojiakbar Asl Tekst” mas’uliyati cheklangan jamiyatida paypoq ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yildi. Bu maqsadlar uchun 200 million so‘m imtiyozli kredit mablag‘lari ajratildi, o‘ndan ortiq yangi ish o‘rni yaratildi.
Rossiyalik sarmoyadorlar bilan hamkorlikda 300 ming dollar investitsiya hisobiga “Tinchlik meva eksport” korxonasi ish boshladi. Yangi korxona aholi va fermer xo‘jaliklarida yetishtirilgan sarxil mahsulotlarni yig‘ish, saqlash, qadoqlash va eskportga yo‘naltirish bilan shug‘ullanib kelmoqda. Yil sarhisoblariga ko‘ra, 8 ming tonnadan ortiq meva-sabzavotlar xorijiy davlatlarga eksport qilindi. Bundan tashqari, plastik va yog‘och qutilar ishlab chiqarish, tirkamali yuk mashinalari hamda avtomobillarga texnik xizmat ko‘rsatish ustaxonasi tashkil qilindi.
Shu kunga qadar ishsizligi sabab ijtimoiy daftarlarga kiritilgan 124 nafar yoshlar, xotin-qizlar hududga yaqin joylashgan “Hamza Expo Art Textile”, “Hojiakbar Asl Tekst”, ”Qadamcha Plyus” mas’uliyati cheklangan jamiyati va “Mohlaroy Lazizbek Fayz” xususiy korxonasiga ishga joylashtirildi, 165 nafar fuqarolar turli sohalarda o‘zini o‘zi band qildi, 3 nafari kambag‘al oila a’zolari subsidiyasi asosida tikuv mashinalar bilan ta’minlandi. ”Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida 3,5 gektar mahalla bog‘i tashkil etildi.
Albatta, bu sa’y-harakatlar zamirida aholini daromadli qilish va kambag‘allikdan chiqarishdek ezgu maqsad mujassam.
M.Sulaymonov, O‘zA