Daromad topish istagidagi ayollarga ko‘mak berildi
Joylarda aholi kayfiyatiga ta’sir qiluvchi muammolarni aniqlash va ularni hal etish yuzasidan tezkor choralar ko‘rish maqsadida mas’ul tashkilotlar tomonidan sayyor qabullar o‘tkazilmoqda.
Xususan, Toshkent shahar Sergeli tumanida Toshkent shahar hokimi o‘rinbosari, Oila va xotin-qizlar boshqarmasi boshlig‘i Shahnoza Sultonovaning navbatdagi sayyor qabuli bo‘lib o‘tdi.

Unda daromad topish istagida murojaat qilgan, “Ayollar daftari”da ro‘yxatda turgan 2 nafar ayolga uy sharoitida daromad topishi uchun sharoit yaratish maqsadida subsidiya asosida noutbuk hamda monoblok topshirildi.

Qabulga kelgan xotin-qizlarning sog‘ligini tiklash, moddiy yordam, bandlik, kredit masalalaridagi murojaatlari mas’ul tashkilot xodimlari ishtirokida ko‘rib chiqildi. Fuqarolarga murojaatlari bo‘yicha qonuniy tushuntirishlar berildi, tegishliligi bo‘yicha barcha murojaatlar ijroga qaratildi va nazoratga olindi.
Gulnoza Boboyeva,
O‘zA