Darg‘om bo‘yiga daraxt ko‘chatlari o‘tqazildi
Samarqand viloyatining Pastdarg‘om tumanida “Yashik makon” umummilliy loyihasi doirasida kuzgi ko‘chat ekish ishlari boshlandi.
Dastlab tuman hududidagi kanal va yirik suv havzalari yoqasida, bo‘sh turgan yerlarda hudud tuproq va iqlim sharoitiga mos daraxt ko‘chatlari ekilmoqda.
Jumladan, Darg‘om kanali yoqasidagi bo‘sh turgan yer maydonida ko‘chat ekish bilan hududda “Yashil makon” umummilliy loyihasining kuzgi mavsumiga kirishildi.

Tuman sektor rahbarlari, korxona va tashkilotlar xodimlari va tuman jamoatchiligi vakillari kanal bo‘yicha 1000 tupga yaqin qayrag‘och, katalpa, safura singari daraxt ko‘chatlari o‘tqazib, ezgu ishga hissa qo‘shdilar.
Shundan so‘ng Qo‘shquduq mahallasida faollar va keng xalq ommasi tomonidan hashar uyushtirilib, 800 tupdan ortiq daraxt nihollari ekildi.

Davlatimiz rahbari raisligida 21 oktyabr kuni o‘tkazilgan “Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasidagi ishlar natijadorligi va kelgusidagi ustuvor vazifalar muhokamasiga bag‘ishlangan videoselektor yig‘ilishida ko‘chat ekish ishlarini ham uyushqoqlik bilan tashkil etishda mahallalar imkoniyatlaridan samarali foydalanish ta’kidlandi. Jumladan, “mahalla yettiligi” vakillari o‘ziga biriktirilgan ko‘chalarda 100 tupdan manzarali daraxt o‘stirishi belgilandi.

Shuningdek, xalqaro avtomobil va temir yo‘l bo‘ylarida, dala chetlarida ko‘chat ekish, chiqindi poligonlari atrofida “yashil belbog‘” barpo etish zarurligi qayd etildi.
Pastdarg‘om tumanida kuzgi mavsumda 600 ming tup mevali va manzarali daraxt ko‘chatlari ekish rejalashtirilgan.
G‘.Hasanov, O‘zA muxbiri