2021 yilning 14 may kuni Prezident Shavkat Mirziyoyev Respublika ixtisoslashtirilgan onkologiya va radiologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markaziga tashrif buyurib, u yerda davolanayotgan bemor bolalar holidan xabar olgan edi. Davlatimiz rahbarining bolalar onkologiyasi bo‘limidagi bolalar va ularning ota-onasi bilan bo‘lgan suhbatida namanganlik Nodirabegim Qosimova Prezident maktabida o‘qish istagi borligini bildirgan.
– Turmushimizning o‘n yili davomida befarzandlikda sinaldik, – deydi Nodiraning onasi Komila Otaxonova. – Nodira to‘ng‘ich farzandimiz. 10 yil kutgan qizalog‘im yoshligidan juda zehnli, chaqqon bo‘lib ulg‘aydi. Qizimni 5 yoshida sportning badiiy gimnastikaga turiga olib borganmiz. U sportni juda sevardi. Gimnastika bilan shug‘ullanib yurganida, ustozlari raqs to‘garagiga ham borishini tavsiya qilishdi.

Yosh bo‘lishiga qaramasdan, ko‘plab yutuqlarga erisha boshladi. 2019 yili Rossiyaning Sochi shahrida o‘tkazilgan bolalar xalqaro ijodiyot festivalida ishtirok etib, Gran-prini qo‘lga kiritdi.
Sochidagi tadbirlardan so‘ng Nodirabegim dugonalari bilan dengizga cho‘milgani borgan. O‘zining aytishicha, cho‘milishlardan birida chap oyog‘ini qattiq jismga urib, shikastlab oladi. O‘sha onda uning oyog‘ida ozgina ko‘karish paydo bo‘lgan. Og‘riq ham u qadar kuchli bo‘lmagan. Safardan qaytishi bilan menga bu haqda bildirdi. O‘zi tabiatan juda ta’sirchanman. Farzandlarim sog‘ligidagi har bir muammoga jiddiy qarayman. Qizimni shu kuniyoq tumanimizdagi shifokorga olib borib ko‘rsatdik. U yengil muolajalar oldi. Tuzalib, yana sport va san’at bilan shug‘ullanishda davom etdi.
Afsus, inson bu dunyoda yashar ekan, turli xil dard va g‘am-tashvishlar bilan sinalar ekan. Aksiga olib, oradan ikki yil o‘tib, qizim maktab partasiga urilib, chap oyog‘i lat yeydi. Tashxislardan so‘ng, Nodirabegimning boldirida o‘sma borligi aniqlandi.

Bilasizmi, hayotimdagi eshitgan eng yomon va qo‘rqinchli xabarim tuman shifokorlarining Nodirabegim oyog‘ini saqlab qolishning imkoni yo‘q, degani bo‘ldi. Bu vaqtda qizim endigina 13 yoshni qarshi olayotgan edi. Bu azob Nodirabegimniki emas, aslida men va otasiniki bo‘ldi. Unga tashxis haqida hech narsa sezdirmaslikka urindik. Biz zudlik bilan Respublika ixtisoslashtirilgan onkologiya va radiologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazidagi mutaxassislarga murojaat qildik.
Nodirabegim sinovlarga, og‘riqlarga bardosh berishiga to‘g‘ri keldi. Uning oyoqlari saqlab qolindi. Ammo operatsiyadan keyin bir zum depressiyaga tushdi. O‘sha kezlari hech kim bilan ko‘rishishni ham, gaplashishni ham istamas edi. Nodirabegimning ruhiyatini inobatga olgan shifokorlar uni chetroqda, xoliroq joydagi palataga olishdi. Shunda shifoxonaga Prezident kelishi to‘g‘risidagi xabar tarqaldi. Ammo biz joylashgan chekka xonaga davlatimiz rahbarining kirib kelishini tasavvur qilmaganmiz. Faqat qizimga ozgina sog‘ayganingda o‘zing Prezident yoniga chiqib duo so‘rarding bolam, deya iltijo bilan termulganim yodimda...

Prezident biz davolanayotgan xonaga kirib keldi. Qizimdan hol-ahvol so‘radi. Uning kelgusidagi orzu-maqsadlari bilan qiziqdi. Tushkunlikka tushib, dard bilan olishib yotgan qizimning chiroyi yorishib ketdi. U o‘z dadasiga erkalangandek, Prezidentimizga o‘z orzulari haqida so‘zlab berdi.
O‘sha yili yangi o‘quv yili boshlanganidan so‘ng Nodirabegimni Namangandagi Prezident maktabiga chaqirishdi va bu yerda 7-sinfda o‘qishni boshladi. Bugun qizim yana avvalgi holiga qayta boshlagan. U butunlay bilim olishga sho‘ng‘ib ketgan. Hatto shifokorlar tavsiyasi bilan raqs va gimnastika bilan ham shug‘ullanib turadi. Kelgusida o‘zi shifokor bo‘lmoqchi. Ha, qizim, og‘ir dardni yengdi. Dardga qarshi mardonavor kurashdi.
Nodirabegim Qosimova yaqindagina o‘quvchilarga “Orzu bekati” nomli yangi kitobini tuhfa etdi. U hamon izlanishda. U o‘zining serqirra salohiyati, iste’dodi bilan yuksak natijalarga erishishni maqsad qilgan.
Muhayyo Toshqorayeva, O‘zA