Daraxtlarni muhofaza qilishda yangi tartib: endi ko‘chirib o‘tkazish ham aniq tartib asosida amalga oshiriladi
O‘zbekistonda atrof-muhitni muhofaza qilish, shaharlar va qishloqlardagi yashil hududlarni saqlab qolish davlat siyosatining muhim yo‘nalishlaridan biriga aylanmoqda.
Shu maqsadda qabul qilingan Hukumatning 2026-yil 30-iyundagi tegishli qarori davlat o‘rmon fondiga kirmaydigan daraxt va butalardan foydalanish tartibini yanada takomillashtirishga xizmat qiladi.
Mazkur qarorning eng muhim jihati shundaki, avval amaliyotda turlicha talqin qilinishi mumkin bo‘lgan daraxtlarni ko‘chirib o‘tkazish jarayoni aniq huquqiy mezonlar bilan tartibga solindi. Endi yerdan 1,3 metr balandlikda tana diametri 15 santimetrgacha bo‘lgan daraxtlar hamda ildiz bo‘g‘zi diametri 10 santimetrgacha bo‘lgan butalarni ko‘chirish faqat belgilangan tartibda ruxsatnoma asosida amalga oshiriladi.
Bu tartibning joriy etilishi, avvalo, yashil hududlarni asossiz yo‘qotishning oldini olishga qaratilgan. Chunki ayrim hollarda qurilish, kommunikatsiya yoki obodonlashtirish ishlari bahonasida daraxtlar nazoratsiz ko‘chirilgan yoki zararlangan. Endi esa har bir holat mas’ul idoralar nazorati ostida amalga oshiriladi.
Qarorda ekologik talablarga ham alohida e’tibor qaratilgan. Jumladan, daraxt va butalarni sanitar maqsadida kesish, shakl berish hamda ko‘chirish ishlari o‘simliklarning tabiiy biologik holatini inobatga olgan holda, kuz mavsumida — vegetatsiya davri yakunlangandan keyin boshlanib, bahorning 1-apreligacha amalga oshirilishi belgilandi. Bu esa ko‘chirilgan daraxtning yangi joyda ildiz otib ketish ehtimolini oshiradi.
Yana bir muhim talab — daraxtlar ildiz tuprog‘i saqlangan holda ko‘chirilishi shart. Mutaxassislarning ta’kidlashicha, ildiz atrofidagi tuproq saqlansa, daraxtning yangi muhitga moslashishi va yashab qolish imkoniyati ancha yuqori bo‘ladi. Demak, qaror nafaqat huquqiy, balki ilmiy va agrotexnik yondashuvlarga ham asoslangan.
Eng muhim yangiliklardan biri, ruxsatnoma oluvchilarning mas’uliyati kuchaytirilganidir. Endi daraxt yoki butani ko‘chirish uchun berilgan ruxsatnoma uni kamida 3 yil davomida parvarish qilish sharti bilan rasmiylashtiriladi. Bu talab daraxtni faqat bir joydan ikkinchi joyga ko‘chirish bilan cheklanmasdan, uning yashab qolishi uchun ham javobgarlik yuklaydi.
Mazkur qaror ekologik muvozanatni saqlash, shaharlardagi yashil hududlarni asrab-avaylash va tabiatga ehtiyotkorona munosabatni shakllantirishda muhim ahamiyat kasb etadi. Eng muhimi, daraxt endi oddiy obodonlashtirish ob’ekti emas, balki muhofaza qilinishi lozim bo‘lgan tabiiy boylik sifatida qaraladi.
Bu o‘zgarishlar fuqarolar, tadbirkorlar va tashkilotlarga ham katta mas’uliyat yuklaydi. Chunki har bir ko‘chirilgan daraxtning keyingi taqdiri uchun javobgarlik belgilanishi ekologik madaniyatni yuksaltirishga va “yashil makon” tamoyillarini hayotga samarali tatbiq etishga xizmat qiladi.
Muhayyo Toshqorayeva, O‘zA