O‘zbekiston Respublikasi tashqi ishlar vaziri o‘rinbosari Sherzod Asadov videokonferensaloqa shaklida Daniya Qirolligi Tashqi ishlar vazirligi davlat kotibi Esper Serensen bilan muzokara o‘tkazdi.
Suhbat chog‘ida O‘zbekiston va Daniya o‘rtasidagi ko‘p qirrali va o‘zaro manfaatli munosabatlarning hozirgi holati, munosabatlarni rivojlantirishga doir ustuvor yo‘nalishlar muhokama qilindi.
Qo‘shma tadbirlar o‘tkazish hamda xalqaro tashkilotlar va ko‘p tomonlama tuzilmalar doirasidagi hamkorlikni mustahkamlash orqali siyosiy muloqotni faollashtirish muhimligi qayd etildi.
Daniya tomoniga O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev BMT Bosh Assambleyasi 75-sessiyasida ilgari surgan tashabbuslarni ro‘yobga chiqarishning amaliy ahamiyati haqida ma’lumot berildi.
Savdo-iqtisodiy va investitsiyaviy hamkorlik masalalariga alohida e’tibor qaratildi. O‘zbekistonning Jahon savdo tashkilotiga kirish, “Preferensiyalar bosh tizimi plyus” («PBT+») imtiyozlar tizimi doirasida benefitsiar mamlakat maqomini olish va Yevropa Ittifoqi bilan Kengaytirilgan sheriklik va hamkorlik to‘g‘risidagi bitim loyihasini kelishish bo‘yicha rejalari muhimligi, o‘zaro savdo hajmini oshirish va investitsiya loyihalarini amalga oshirish uchun qulay sharoit yaratish lozimligi e’tirof etildi.
Madaniy-gumanitar sohadagi hamkorlik doirasida fan, madaniyat, ta’lim va kadrlar tayyorlash sohalaridagi aloqalarni chuqurlashtirish istiqbolini ko‘rib chiqishga o‘zaro qiziqish bildirildi.
TIV mutasaddilari mintaqaviy va xalqaro kun tartibining dolzarb masalalari bo‘yicha ham fikr almashdi.
O‘zA