O‘zbekiston dunyo sayyohlarini o‘ziga tortayotganining boisi tarixiy obidalari-yu zamonaviy shaharlarining maftunkor ko‘rinishidir. Yana bir omil borki, u xalqning iqtidori bilan bog‘liq.
Bu O‘zbekiston hunarmandlarining jilvagar shohi-atlaslari, naqshlari ko‘zni qamashtiruvchi kulolchilik mahsulotlari, oltin-u kumushdan bo‘lgan zebu ziynatlaridir. Yaqin yillardan buyon ular qatoriga qoshiqchilik mahsulotlari ham qo‘shildi.

Rashid Mirazizov bu yangi sohani Farg‘onada rivojlantirayotgan ustalardan biri. U qayerga bormasin, g‘ovlab ketgan daraxtlarni topadi. Bahor va kuz fasli uning uchun mavsum hisoblanadi. Butalgan shox-shabbalarni saralab, yog‘och qoshiq, sanchqi, kapgir, shamdon, cho‘mich... boringki, 30 xilga yaqin ro‘zg‘orbop idish va jihozlar yasaydi.

– Asosan yong‘oq va toldan yasayman. Toldan bo‘lgani yengil va hech qachon yorilmaydi. Qoshiqchilik Rossiya va Xitoyda sanoat darajasiga chiqqan, – deydi usta Rashid Mirazizov. –Ammo Rossiya qoshiqlari 2 ta bo‘lak-bo‘lak qismni bir biriga kley orqali tutashtirib yasaladi. Bizniki esa yaxlit butun yog‘ochdan. Bundan tashqari, u juda uzoq yillar xizmat qiladi.

Dastlab bo‘sh vaqtida, keyinroq, unga ham o‘n yil bo‘ldiki, Rashidjon kasb sifatida yog‘ochsozlik bilan mashg‘ul. U O‘zbekiston hunarmandlar uyushmasi a’zosi. Ko‘plab ko‘rgazmalar ishtirokchisi.

– Har yili Farg‘ona va Toshkentda asal bayramlari bo‘ladi. Har gal meni taklif qilishadi. Asalni idishlarga solish uchun yong‘oq, olma kabi qattiq yog‘ochdan kapgir yasab olib boraman. Umuman, asal yog‘och idishda saqlansa va yog‘och qoshiqda iste’mol qilinsa, uning xususiyatlari o‘zgarmas ekan, – deydi Rashidjon Mirazizov.
Usta Rashid dastlab oila a’zolarini, so‘ng qo‘ni-qo‘shni, dang‘aralik yoshlarni yoniga oldi. Ular usta yo‘nib yasagan qoshiqlarni jilvalab silliqlaydilar, bir qismiga esa turfa ranglarda milliy naqshlar, chiroyli gul, bolalar ertaklari qahramonlari siymosini chizadilar.

– Pishiriq pishirish sexida ishlayman. U yerda ham qoshiqqa gul solgandek tortlarga gul chizaman, – deydi ustaning qizi Nigora Komilova. –Uyga kelgach dadamga yordamlashaman. Rossiya qoshiqlariga qarab chizishni o‘rgandim. Katta singlim san’at maktabida o‘qiydi. U ham naqshlar hamda ertak qahramonlari suratlarini chizadi.
– Maktabning 11-sinfida o‘qiyman. Bo‘sh paytimda amakimga yordamga kelaman, – deydi ustaning jiyani Muslima Yo‘lchiboyeva. – Sinfdoshlarim ham bu yerga o‘rgangani kelishadi. Ular qoshiqlarga rasm chizadilar va jilvalaydilar.
– Yaqinda qo‘limga qadimiy qoshiqlardan biri tushib qoldi. Hozirga qadar butun saqlangan. Undan nusxa olib bir tomoni burchakli qoshiqlar tayyorladik. Bozori juda yaxshi. Qo‘qondagi bozor, muzey, Toshkentdagi Barakxon madrasasi, turli festivallarda sotaman. Endi o‘zim uchun ustaxonasi bo‘lgan do‘kon ochmoqchiman, – deydi qoshiq ustasi.
<iframe width="789" height="444" src="https://www.youtube.com/embed/O2p0YyX2dCE" title="Dangʻaraning yogʻoch qoshiqlari" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>Inson qo‘li gul, deb bejiz aytmaydilar. Dang‘ara tumanidagi oddiy oilaning oddiy odamlari qalb qo‘ri, yurak mehri, barmoqlar sehri ila shu kabi mo‘’jizakor qoshiqlarni yaratmoqdalar.
Muhammadjon Obidov, Elyor Olimov (surat, video),
O‘zA muxbirlari