Dalada bahorgi ishlar jadal
FOTOREPORTAJ
Namangan viloyati hokimi Shavkat Abdurazzoqov oqsoqol-maslahatchilar va mutasaddilar bilan birga qishloq xo‘jaligidagi bahorgi ishlar ijrosini o‘rganmoqda.
Chust tumanidagi fermer xo‘jaliklarida yer tekislash, plyonka ostiga chigit ekish, pushta olish hamda g‘alla parvarishi ishlari ko‘zdan kechirildi.
Ishchi guruhi “Zarafshon” va “Nurafshon” MMTP hududlarida joylashgan qator fermer xo‘jaliklarida bo‘lib, chigit ekishga tayyorgarlik, begona o‘tlarga qarshi ishlov berish, zamonaviy agrotexnologiyalarga rioya etilishi, shuningdek, g‘allani oziqlantirish ishlari bilan tanishdi.
[gallery-28623]
“Chust hosili” MCHJ maydonlarida 19-martdan boshlangan chigit ekish ishlari dastlabki natijalarni bermoqda. Ayrim uchastkalarda urug‘lar bir tekis unib chiqqan.
— Eng muhimi, nihollar paydo bo‘lgan maydonlarda birinchi agrotexnik ishlovni o‘z vaqtida va sifatli o‘tkazish, kasalliklarga qarshi himoya choralarini kuchaytirish zarur, - dedi viloyat hokimi.
“Mash’al” MMTP hududidagi “Munchoqtepa tongi” fermer xo‘jaligida ham chigit ekish jarayonlari o‘rganilib, xorijiy urug‘likni talab asosida ekish muhimligi ta’kidlandi.
Ma’lum qilinishicha, joriy yilda tumanda 3504 gektar maydonda paxta yetishtirish rejalashtirilgan. Shundan 1164 gektarda Shinjon usuli asosida ekish ishlari olib borilmoqda. Ushbu usul suv tejash va yer unumdorligini oshirishda samara bermoqda.
Viloyat rahbari tomonidan dala ishlarini o‘z vaqtida va sifatli tashkil etish yuzasidan tegishli topshiriqlar berildi.
Hotam MAMADALIEV(surat),O‘zA