Bugun “O‘zbekiston milliy elektr tarmoqlari” aksiyadorlik jamiyati boshqaruvi raisi Dadajon Isaqulov mazkur tashkilot tizimida mehnat qilayotgan yosh mutaxassislar bilan ochiq muloqot o‘tkazdi.
30 iyun – Yoshlar kuni munosabati bilan tashkil etilgan ushbu tadbirda energetika sohasida faoliyat yuritayotgan tashabbuskor va istiqbolli yoshlar, shuningdek, ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.
Dadajon Isaqulov barcha yoshlarni Yoshlar kuni bilan muborakbod etar ekan, so‘nggi yillarda mamlakatimizda davlat rahbari tashabbusi bilan yoshlarga yaratilayotgan imkoniyatlar, shu jumladan, energetika sohasida amalga oshirilayotgan islohotlar haqida batafsil ma’lumot berdi. Shu bilan birga, kadrlar salohiyatini oshirish, texnologik yangilanish va boshqaruv jarayonlarida yoshlarni faol jalb etish bo‘yicha rejalarga to‘xtaldi.
– Yoshlar – tarmog‘imizning kelajagi. Elektr energetikasi tizimini yanada rivojlantirishda aynan yoshlarning bilim va salohiyati, yangicha fikrlashi, texnologik yechimlarga qiziqishi hal qiluvchi ahamiyatga ega. Biz har bir yosh mutaxassisning tashabbusini qo‘llab-quvvatlashga, ularga munosib sharoit yaratishga harakat qilyapmiz. Ularning fikri, g‘oyasi va sa’y-harakatlari soha kelajagiga ta’sir ko‘rsatadi, – deya ta’kidladi aksiyadorlik jamiyati rahbari.
Uchrashuv ochiq, erkin va samimiy ruhda o‘tdi. Yoshlarni qo‘llab-quvvatlash, ularning fikr va tashabbuslarini eshitish, sohada amalga oshirilayotgan islohotlar yuzasidan ochiq muloqot qilishga e’tibor qaratildi.
Muloqot davomida yoshlar tomonidan ko‘tarilgan taklif va masalalar yuzasidan joyida yechimlar muhokama qilindi. Shu bilan birga, yaqin kelajakda yoshlar uchun stajirovka va malaka oshirish imkoniyatlarini kengaytirish, innovatsion g‘oyalarni qo‘llab-quvvatlash borasida tashabbuslar bildirildi.
Shu tariqa, “Rahbar va yoshlar” muloqoti nafaqat ezgu tashabbus, balki elektr energetikasi sohasida inson kapitali salohiyatini yuzaga chiqarish, yoshlarni strategik jarayonlarga jalb etish va ularning kelajakka ishonchini mustahkamlashga qaratilgan muhim qadam sifatida qayd etildi.
<iframe width="650" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/6hUMtKG1LeE" title="Dadajon Isaqulov: “Har bir yosh kadrning salohiyati energetika sohasi kelajagini belgilaydi”" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>Nasiba Ziyodullayeva, Yoqub Meliboyev, Anvarxo‘ja Ahmedov (video, montaj), O‘zA