COVID-19 SHHT kun tartibida: O‘zbekiston tashabbuslari
Prezident Shavkat Mirziyoyev SHHT ni koronavirus infeksiyasiga qarshi kurashda kuchlarni birlashtirishga chaqirdi
Tojikiston poytaxti Dushanbe shahrida shu yilning 16-17 sentyabr kunlari SHHTga a’zo davlatlarning yubiley sammiti bo‘lib o‘tdi. Uchrashuv doirasida xavfsizlik, axborot-kommunikatsion texnologiyalar, atrof-muhitni muhofaza qilish, qishloq xo‘jaligi, favqulodda vaziyatlar, transport, madaniyat va sport sohalarida o‘zaro hamkorlikni yanada chuqurlashtirish masalalari muhokama qilindi.
Unda ustuvor mavzular qatorida koronavirus infeksiyasi oqibatlarini bartaraf etish bo‘yicha qo‘shma chora-tadbirlarni ishlab chiqish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.
Forum doirasida, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tomonidan yuqumli kasalliklarni oldini olish va uni davolash, kasallikdan keyingi reabilitatsiya jarayoni va emlash sertifikatlarini o‘zaro tan olinishi, SHHT hududidagi yetakchi tibbiyot markazlar o‘rtasida hamkorlik o‘rnatish bo‘yicha "Yo‘l xaritasi" ni ishlab chiqish va qabul qilish kabi muhim tashabbuslar ilgari surildi.
Ushbu tashabbusning asosiy maqsadi SHHTga a’zo davlatlarning xavf-xatarlar davrida epidimiologik vaziyatning oldini olish, kasallikni erta aniqlash va ularga birgalikda javob qaytarish bo‘yicha samaradorlikni yanada oshirishga qaratilgan.
Mazkur taklif SHHT makonida epidemiologik vaziyatni yaxshilash yuzasidan preventiv chora-tadbirlarni ishlab chiqish, yuqumli kasalliklarning oldini olish va davolashda o‘zaro axborot, bilim va tajriba almashishga qaratilgan.
Ushbu tashabbus mamlakatlarga pandemiyagacha bo‘lgan davrdagi sharoitga qaytish, keng ko‘lamli savdo-iqtisodiy, transport-kommunikatsiya va madaniy-gumanitar sohalardagi o‘zaro aloqalarni tiklash uchun cheklovlarni olib tashlash imkonini beradi.
Bundan tashqari, ushbu tashabbusni amalga oshirish SHHT mamlakatlari fuqarolariga chegaralarni kesib o‘tish va erkin harakatlanishi uchun yagona shart-sharoitlarni shakllantirishda keng imkoniyatlar yaratadi.
Shuningdek, yagona davlatlararo darajada taqdim etilgan test natijalari va sertifikatlar monitoringi tizimini yaratadi.
Pandemiyaning ilk kunlaridayoq, SHHTga a’zo davlatlar ushbu tahdidga qarshi kurashishga qiziqish bildirib, keng ko‘lamli sohalarda o‘zaro ko‘maklashish bo‘yicha yakdillikni nomoyon etdi.
Sanitariya-epidemiologik vaziyatni yaxshilash maqsadida, epidemiologik osoyishtalikni ta’minlashga mas’ul Sog‘liqni saqlash vazirlari yig‘ilishi va SHHTga a’zo davlatlar xizmatlari rahbarlari yig‘ilishi kabi me’yoriy -huquqiy baza va hamkorlik mexanizmlari yaratildi. Pandemiyaga qarshi aniq takliflarni qabul qilish va ishlab chiqish maqsadida idoralararo darajada muntazam onlayn uchrashuvlar o‘tkazildi.
Shuningdek, mazkur yo‘nalishdagi sa’y-harakatlarga, butun jahonda shu jumladan SHHTga a’zo mamlakatlarda kasallanganlar sonining qisqarishi tendensiyasiga qaramay, tashkilotga a’zo ayrim davlatlarda koronavirus bilan bog‘liq murakkab vaziyat saqlanib qolmoqda. Masalan, so‘nggi bir sutkada Hindistonda-27,176 ta, Rossiyada - 17,529 ta, Qozog‘istonda - 3, 323 ta, Pokistonda - 2, 272 ta, O‘zbekistonda – 531 ta, Qirg‘izistonda – 82 ta, Xitoyda – 75 ta, Tojikistonda – 42 ta koronavirus infeksiyasi bilan zararlanish holatlari qayd etilgan.
Davlatimiz rahbari tomonidan ilgari surilgan takliflar kelgusida SHHT mamlakatlarida avj olishi mumkin bo‘lgan infeksiyaga qarshi kurash bo‘yicha chora-tadbirlar rejasini tayyorlash va oqibatlarini yumshatishga ko‘maklashadi. Ayniqsa, SHHT mamlakatlarini birlashtirishga va pandemiyaga qarshi kurashda tashkilot salohiyatidan foydalanishga yordam beradi. O‘z navbatida, bu ko‘pyoqlama hamkorlikni va ko‘pmillatli tuzilmaning mavqeini mustahkamlashga ijobiy ta’sir ko‘rsatadi.
Yelena Say, Markaziy Osiyo xalqaro instituti bosh ilmiy xodimi
O‘zA