"Coca-cola" kompaniyasi nega tor doirada sotilmoqda?
Davlat aktivlarini boshqarish agentligi tomonidan Farg‘ona viloyatida ommaviy axborot vositalari xodimlari ishtirokida press-tur bo‘lib o‘tdi.
Shu kunlarda ijtimoiy tarmoqlarda xususiylashtirishning jadallashib ketganligi, ayrim yirik korxonalar, xususan, "Coca-cola" kompaniyasining tor doirada sotilayotganligi muhokamalarga sabab bo‘lmoqda.
O‘zA muxbiri mazkur agentlikning axborot xizmati rahbari Mo‘min Ibodovga shu bo‘yicha murojaat qildi.
– Yirik aktivlarning xususiylashtirish jarayonlari boshqalarnikidan tubdan farq qiladi. Bunda o‘z tarixida muvaffaqiyatli xususiylashtirishni amalga oshirgan davlatlar tajribalari o‘rganilyapti. Jahonda munosib o‘rinlarni egallagan, top 10 talikka kiruvchi xalqaro konsultantlar jalb qilingan. Davlat mulki xalqning mulki bo‘lganligi uchun bu jarayonda xato qilinishiga haqqimiz yo‘q. Albatta, blogerlar va jurnalistlarimizda savollar ko‘p. Yana bir marta takrorlab aytaman, yirik korxonani sotish oson ish emas. Unga alohida yondashuv kerak bo‘ladi, alohida o‘rganiladi. Albatta, jarayon ochiq, shaffof bo‘ladi. Yirik korxonalarni xususiylashtirish bo‘yicha bosqichma-bosqich jamoatchilikni xabardor qilib boryapmiz. Jumladan, kelgusi haftada jurnalistlar va blogerlar ishtirokida press-brifing tashkil qilib, xususiylashtirish jarayonlari haqida to‘liq ma’lumot beramiz.
M. Sulaymonov, O‘zA