Pekinda Xitoy xalqaro matbuot kommunikatsiya markazi dasturi — CIPCC-2025 doirasida tajriba almashish bo‘yicha muhokama yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Tadbirda XXR Tashqi ishlar vazirligi, Jamoatchilik diplomatiyasi assotsiatsiyasi vakillari hamda turli davlatlardan kelgan jurnalistlar, jumladan O‘zbekiston Milliy axborot agentligi muharriri ham ishtirok etdi.

Yilning birinchi yarmiga rejalashtirilgan ushbu dastur OAV o‘rtasida axborot almashinuvini mustahkamlashga qaratilgan.

Chin mamlakati TIV Matbuot, kommunikatsiya va jamoatchilik diplomatiyasi departamenti direktor o‘rinbosari Syan Syaoyan Xitoy xalqaro jurnalistlar bilan muloqotni izchil rivojlantirishda davom etishini ta’kidladi:
- Axborot almashish markazimiz xorijiy jurnalistlarga mamlakat siyosati va taraqqiyot jarayonini chuqurroq anglash uchun platforma sifatida xizmat qiladi. Biz OAV vakillarini faol muloqot, tajriba almashish va mamlakatlar aro axborot hamkorligini mustahkamlashga chorlaymiz.

Uchrashuvda ishtirok etgan jurnalistlar ham o‘z rejasi, tajribasi va dastur haqida fikr bildirishdi.
Men ham loyiha tashkilotchilari bilan suhbat davomida Xitoyda kechayotgan jarayonlarni xolis yoritishga ko‘maklashishimni bildirdim.
Artur Komilov (Tojikiston):
- O‘quvchilarga aniq va ishonchli ma’lumot yetkazishga intilaman. Dastur orqali nafaqat Xitoyni yaxshiroq taniymiz, balki kuzatuvlarimiz bilan bo‘lishib, mavjud salbiy xulosalarni bartaraf etishga ham hissa qo‘shamiz.
Monika Mpambavashe (Zimbabve):
- Xitoy Afrika bilan iqtisodiy va madaniy hamkorlikni faol rivojlantirmoqda. Bizning vazifamiz ayni jarayonni xolis, haqqoniy yoritishdir. CIPCC-2025 dasturi bu borada yangi imkoniyatlar ochadi.
Yesi Peres Lopes (Kuba):
- Xitoy va Lotin Amerikasi o‘rtasida qadimiy aloqalar mavjud. Media sohasidagi hamkorlik bu munosabatlarni yanada kuchaytiradi. Biz qo‘shma tashabbuslarni ilgari surishga tayyormiz.
Jamoatchilik diplomatiyasi assotsiatsiyasi vakili Du Pin CIPCC-2025 doirasida yangi ta’lim modullari, Xitoy mintaqalariga safarlar, raqamli media va sun’iy intellekt bo‘yicha mahorat darslari rejalashtirilganini aytib o‘tdi.
- Biz xorijiy jurnalistlarga nafaqat Xitoy media bozorini o‘rganish, balki bilimlarni amaliyotda qo‘llash imkonini yaratishga ham harakat qilamiz, — dedi Du Pin.
Dastur davomida ekspertlar, biznes vakillari va davlat idoralari mas’ullari bilan muloqotlar ham takshil qilinadi.
Mazkur muhokama yig‘ilishi xalqaro media hamkorlik naqadar muhimligini yana bir bor anglatadi. Zero, bugungi murakkab davrda xolis, ishonchli axborotni faqat sheriklik orqali olish mumkin.
Xalqaro matbuot kommunikatsiya markazi kelgusida dastur qamrovini yanada kengaytirish ko‘zda tutilayotgani, yangi hamkorlik formatlarini joriy etish orqali xorijiy OAV uchun yangi imkoniyatlar yaratish maqsad qilingani to‘g‘risida ma’lumot berdi.
Nozimbek Mardonov, O‘zA
(Xitoy, Pekin shahri)