Chustda zamonaviy qo‘l jangi sport zali foydalanishga topshirildi
FOTOREPORTAJ
Namangan viloyati Chust tumanining Bog‘ormos mahallasida joylashgan tuman sport maktabining Karkidon filialida zamonaviy talablar asosida barpo etilgan qo‘l jangi sport zali tantanali ravishda ochildi.
Mazkur sport inshooti nafaqat Chust tumani, balki Namangan viloyatida qo‘l jangi sport turini yanada rivojlantirishga xizmat qiladigan muhim maskanlardan biri hisoblanadi.
Yangi sport zalida o‘lchami 15x30 metr bo‘lgan universal sport maydoni, sportchilar uchun qulay kiyinish xonalari hamda yordamchi xonalar barpo etilgan. Shuningdek, mashg‘ulotlarni yuqori saviyada o‘tkazish uchun zarur shart-sharoitlar yaratilgan.
Loyiha “Tashabbusli byudjet” dasturi doirasida amalga oshirilib, buning uchun 1 milliard 500 million so‘m mablag‘ yo‘naltirildi. Sport vazirligi tomonidan esa sport zali zamonaviy sport anjomlari va jihozlari bilan to‘liq jihozlandi.
[gallery-30572]
Ayni paytda ushbu sport zalida 100 nafardan ortiq yosh sportchi muntazam shug‘ullanib, qo‘l jangi bo‘yicha mahoratini oshirmoqda. Yangi inshoot kelgusida iqtidorli sportchilarni saralab olish, yuqori malakali chempionlarni tayyorlash hamda xalqaro musobaqalarda mamlakatimiz sharafini munosib himoya qiladigan sportchilarni tarbiyalashga xizmat qilishi kutilmoqda.
Ochilish marosimida O‘zbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasi qo‘mondoni general-polkovnik Bahodir Toshmatov, Namangan viloyati hokimi Shavkat Abdurazzaqov, sport vaziri o‘rinbosari Avaz Karimov, Xalqaro qo‘l jangi federatsiyasi prezidenti Sergey Astaxov hamda soha mutasaddilari ishtirok etdi.
Tadbirda mamlakatimizda sport infratuzilmasini rivojlantirish, yoshlarni sog‘lom turmush tarziga keng jalb etish, jismonan baquvvat va vatanparvar avlodni tarbiyalashga qaratilgan bunday loyihalarning ahamiyati alohida ta’kidlandi.
Hotam MAMADALIEV(surat),O‘zA