Chustda yangi uylar o‘z egalariga topshirildi
Namangan viloyati Chust tumanining Sadacha mahallasida yangi qurilgan 4 ta to‘rt qavatli 96 xonadondan iborat arzon uy-joylar o‘z egalariga topshirildi.
Prezidentning 2019 yil 28 noyabrdagi “Ipoteka krediti mexanizmlarini takomillashtirishga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi farmoni asosida viloyat qishloq joylarida yangilangan namunaviy loyihalar asosida arzon uy-joylar va muhandislik-kommunikatsiya tarmoqlari qurilishi amalga oshirilmoqda.
Xususan, joriy yilning o‘zida viloyatning 6 ta tumanidagi qishloqlarda massivlar tanlanib, namunaviy loyihalar asosida arzon uy-joylar qurilishi olib borildi. Mazkur xonadonlar asosan uy-joy sharoitini yaxshilashga muhtoj oilalar, mehnat migrantlari, nogironligi bo‘lgan shaxslar, yosh oilalar va og‘ir ijtimoiy vaziyatga tushib qolgan ayollar uchun ajratilmoqda.
[gallery-129]
Chust tumani Sadacha mahallasidagi “Gulzor” dahasida keyingi yillarda barcha tipdagi namunaviy loyihalar asosida 679 ta xonadon qurilishi amalga oshirildi. Bugun foydalanishga topshirilgan 4 ta 4 qavatli 96 ta xonadondan iborat arzon uy-joylar “Qishloq qurilish invest” MCHJ Namangan viloyati filiali tomonidan qurildi.
Mazkur uylarni foydalanishga topshirish marosimida viloyat hokimi vazifasini bajaruvchi Sh. Abdurazzaqov ishtirok etdi.
Hotam MAMADALIEV (surat), O‘zA