Chust oshi geografik ko‘rsatkich sifatida davlat ro‘yxatidan o‘tkazildi
65-xalqaro gullar festivali qizg‘in tarzda davom etayotgan ayni kunlarda Namangan viloyati ahli, xususan, chustliklarni mamnun etadigan xabar yangradi. Adliya vazirligi tomonidan Chust oshi geografik ko‘rsatkich sifatida davlat ro‘yxatidan o‘tkazildi.
Yurtimizdagi qadimiy go‘shalardan biri, o‘zining uch ming yillik tarixiga ega bo‘lgan Chust nafaqat hunarmandchiligi, balki o‘ziga xos palov tayyorlash an’analari bilan ham shuhrat qozongan. Bu joyda osh pishirish ko‘p asrlik tajriba, mahorat va milliy qadriyatlarni o‘zida mujassam etgan oshpazlik san’ati hisoblanadi.

Ta’kidlash joizki, Chust oshi asosan ochiq havoda, baland olovda, alyumin qozonlarda tayyorlanadi. Taomning o‘ziga xos to‘q oltin-jigarrang rangi sun’iy bo‘yoqlarsiz, suyakli go‘sht va piyozning baland olovda qovurilishi natijasida hosil bo‘ladi. Hududning o‘ziga xos mikroiqlimi, shuvoq va kiyiko‘t bilan boqilgan qora qo‘chqor go‘shti hamda Gavasoy va Kosonsoy havzalarining tabiiy yumshoq buloq suvi Chust oshining betakror ta’mi va sifatini ta’minlaydi.

– Chust oshiga jo‘g‘rofiy ko‘rsatkich maqomining berilishi uning nomi va an’anaviy tayyorlash texnologiyasini huquqiy jihatdan himoya qiladi, – deydi Namangan viloyat adliya boshqarmasi boshlig‘i Dilmurod Ahmedov. – Qolaversa, bu maqom mahsulot sifatining oziq-ovqat mahsulotlari uchun belgilangan davlat me’yorlariga muvofiqligini kafolatlaydi hamda hududning gastronomik brendini xalqaro miqyosda targ‘ib etish imkoniyatlarini kengaytiradi.


Darhaqiqat, geografik ko‘rsatkich mahsulotning ma’lum bir hududga mansubligini, uning sifati, o‘ziga xos xususiyatlari yoki obro‘-e’tibori aynan shu hududning tabiiy-iqlimiy hamda ijtimoiy-madaniy omillariga bog‘liqligini tasdiqlovchi intellektual mulk ob’ektidir.
Bugungi kunda Chust oshi gastronomik turizmni rivojlantirish, mahalliy tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash va o‘zbek milliy madaniyatini dunyoga tanitishda muhim o‘rin tutmoqda.
Oqilxon Dadaboyev, O‘zA