Chunsinda Jizzax viloyatining turizm imkoniyati namoyish etildi
Xitoy Xalq Respublikasining Chunsin shahrida joriy yilning 28-30-sentabr kunlari Jizzax viloyati kuni hamda gastronomik turizmga bag‘ishlangan qator tadbirlar o‘tkazildi. Unda Jizzax viloyatining turizm salohiyati, betakror tabiati, boy tarixiy-madaniy merosi, milliy urf-odat va an’analari, shuningdek, gastronomik imkoniyatlari xitoylik hamkorlar, turizm sohasi vakillari va keng jamoatchilikka taqdim etildi.
Tadbirlar davomida mehmonlarga viloyatning sayyohlik yo‘nalishlari, tarixiy obidalari, ziyoratgohlari hamda tabiiy maskanlari haqida ma’lumotlar berildi. Jizzaxning sayyohlar uchun jozibador hududlari, milliy madaniyati va qadimiy an’analarini aks ettirgan ko‘rgazmali materiallar orqali viloyatning turistik imkoniyatlari keng targ‘ib qilindi.

Tadbirning muhim yo‘nalishlaridan biri gastronomik turizmga bag‘ishlandi. Unda Jizzaxga xos milliy taomlar, ularni tayyorlash usullari, mehmondo‘stlik an’analari va madaniyati namoyish etildi. Milliy taomlarning o‘ziga xosligi, ularning hudud tarixi va urf-odatlari bilan uyg‘unligi ishtirokchilarda katta qiziqish uyg‘otdi.

Muloqotlar davomida Jizzax viloyatining turizm sohasidagi imkoniyatlarini Xitoy bozorida keng targ‘ib qilish, sayyohlar oqimini oshirish, yangi turistik yo‘nalishlarni shakllantirish va sohada o‘zaro hamkorlikni kengaytirish masalalari muhokama qilindi.

Jizzax viloyati kunining Chunsin shahrida o‘tkazilishi hududning xalqaro turistik maydondagi imijini mustahkamlash bilan birga, Jizzax va Xitoy turizm sohasi vakillari o‘rtasida tajriba almashish, yangi hamkorlik aloqalarini yo‘lga qo‘yish va istiqbolli loyihalarni amalga oshirish uchun muhim muloqot maydoni bo‘ldi.

Ayniqsa, gastronomik turizm orqali Jizzaxning milliy qadriyatlari, mehmondo‘stlik madaniyati va o‘ziga xos taomlarini xorijiy sayyohlarga tanitish hududning turistik jozibadorligini oshirishda muhim omil bo‘lmoqda.

Ushbu tadbirlar Jizzax viloyatining tarixiy va tabiiy boyliklari qatorida milliy taomlari, madaniyati va an’analari ham xorijiy sayyohlar uchun jozibador ekanini yana bir bor namoyon etdi.
Abdujalol Qayumov,
O‘zA muxbiri