Chorvachilikdan barqaror daromad sari
Mamlakatimizda chorvachilikni rivojlantirish, aholi xonadonlarida chorva mollari soni va mahsuldorligini oshirish, shu orqali yangi daromad manbalarini yaratishga alohida e’tibor qaratilmoqda.
FOTOREPORTAJ
Namangan viloyati Chortoq tumanida “Chortoq halol chorvachilik” MCHJ tomonidan tashkil etilgan chorvachilik majmuasida bu yo‘nalishdagi ishlar izchil davom etmoqda.
Qariyb 3 milliard so‘m mablag‘ evaziga barpo etilgan majmua 700 bosh qoramolni saqlash imkoniyatiga ega. Bu yerda Xitoydan olib kelinayotgan zotdor qoramollarni qabul qilish, saqlash va mahalliy chorvadorlarga yetkazib berish yo‘lga qo‘yilgan.
O‘tgan oyda majmuaga Xitoydan 650 bosh zotdor qoramol olib kelinib, belgilangan tartibda mahalliy chorvadorlarga yetkazib berilgan. Ayni kunlarda esa yana 600 bosh zotdor qoramol tumanga keltirildi.
Shu asosda chorva mollarini xorijdan olib kelishdan tortib, ularni qabul qilish, saqlash va mahalliy chorvadorlarga yetkazib berishgacha bo‘lgan jarayonlarni qamrab olgan yaxlit tizim shakllanmoqda.
[gallery-31815]
Mutaxassislarning ta’kidlashicha, nasldor chorva mollarining aholi xonadonlariga yetkazib berilishi chorvachilikda mahsuldorlikni oshirish, go‘sht yetishtirish hajmini ko‘paytirish va xonadonlar daromadini oshirish uchun qo‘shimcha imkoniyat yaratadi.
Majmua faoliyatining yana bir muhim jihati — yangi ish o‘rinlarining yaratilganidir. Loyiha doirasida 15 ta yangi ish o‘rni tashkil etilgan.
E’tiborlisi, bu yerda yo‘lga qo‘yilgan tizim chorva mollarini yetkazib berish bilan cheklanmay, aholining chorvachilik bilan shug‘ullanishi, daromadini oshirishi va ichki bozorni go‘sht mahsulotlari bilan ta’minlashda ishtirokini kuchaytirishga xizmat qilmoqda.
Hotam MAMADALIEV (surat), O‘zA