Chorvachilik tarmog‘ini rivojlantirish holati qanday?
Oliy Majlis Qonunchilik palatasining Agrar va suv xo‘jaligi masalalari qo‘mitasi tomonidan O‘zLiDeP fraksiyasi bilan hamkorlikda eshituv o‘tkazildi.
Unda Prezidentimizning “Chorvachilik tarmog‘ini davlat tomonidan ko‘llab-quvvatlashning qo‘shimcha chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori ijrosi bo‘yicha Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish davlat qo‘mitasi, “Parrandasanoat” va “O‘zbekbaliqsanoat” uyushmalari rahbarlarining axboroti eshitildi.
Hujjatda belgilangan vazifalarning hayotga keng tatbiq etilishi natijasida yurtimizda chorvachilik fermer xo‘jaliklari soni 6 ming 820 taga yetdi. Shundan 100 boshgacha qoramoli mavjud xo‘jaliklar 5 ming 551 ta, 100 boshdan 300 boshgacha 1 ming 36 ta, 300 boshdan 500 boshgacha 144 ta, 500 boshdan 1000 boshgacha bo‘lgani 63 ta hamda 1000 boshdan yuqori bo‘lgan xo‘jaliklar soni 26 taga yetkazilgan.

Shuningdek, chorva mollari ozuqa bazasini mustahkamlash maqsadida 350 ming gektar asosiy maydon, jumladan, 56 ming gektar beda, 146,2 ming gektar makkajo‘xori, 36,3 ming gektar oqjo‘xori va 10,6 ming gektar xashaki lavlagi, boshoqli dondan bo‘shagan maydonlarning 199 ming gektariga takroriy hamda 108 ming gektar maydonga oraliq ozuqabop ekinlari ekilgan.
Qayd etilganidek, o‘tgan 2020 yilda qiymati 1 trillion 800 milliard so‘mlik 932 ta, shu jumladan, chorvachilik sohasida 789 milliard so‘mlik 506 ta, parrandachilikda 348 milliard so‘mlik 183 ta, baliqchilikda 550 milliard so‘mlik 134 ta va quyonchilik sohasida qiymati 98 milliard so‘mlik 109 ta loyiha amalga oshirilgan.
Shu bilan birga, “Parrandasanoat” uyushmasi bilan Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, Andijon, Jizzax, Navoiy, Surxondaryo, Qashqadaryo viloyat hokimliklari bilan hamkorlikda parrandalarning yuqori mahsuldor zotlari va krosslarini urchitish bilan shug‘ullanuvchi go‘sht yo‘nalishidagi II tartibli reproduktor naslchilik-parrandachilik korxonalari tashkil etilmoqda.

bugungi kunda Andijon viloyatida “Baraka hamkor parranda” MCHJga 50 gektar, shundan, 22 gektar ozuqabop ekinlar uchun yer ajratildi va mavjud naslli parranda bosh soni 22,7 ming bosh bo‘yicha reproduktor xo‘jalik tashkil etildi.
Shuningdek, Qoraqalpog‘iston Respublikasida “Eko agro kapital” MCHJda reproduktor xo‘jaligi tashkil etish loyihasi bo‘yicha qurilish ishlari olib borilmoqda va bir kunlik naslli jo‘jalarni xorijdan keltirish bo‘yicha shartnomalar rasmiylashtirilgan.
Qo‘mita eshituvida ko‘rilgan masalalar yuzasidan qaror qabul qilindi.
O‘zA