Chorvachilik sohasida qanday chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda?
Mamlakatimizda chorvachilik sohasi va uning tarmoqlarini yanada rivojlantirish, respublika aholisini chorvachilik mahsulotlari bilan barqaror ta’minlash, mahsulotlar ishlab chiqarish imkoniyatlarini oshirish hamda oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash bo‘yicha samarali ishlar amalga oshirilmokda.
bugungi kunda yurtimizda qoramolchilik yo‘nalishida 7 ming 614 ta, qo‘y va echkichilikda 3 ming 263 ta, yilqichilikda 142 ta, tuyachilikda 52 ta, parrandachilikda 1 ming 298 ta, baliqchilikda 4 ming 829 ta, asalarichilikda 715 ta va quyonchilikda 254 ta chorvachilik sub’ekti faoliyat yuritib kelmokda.
Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish davlat qo‘mitasi bilan birgalikda Qishloq xo‘jaligi vazirligi, Qoraqalpog‘iston Respublikasi hamda viloyat va tuman hokimliklari chorvachilik sub’ektlarida chorva mollari bosh soni va mahsulot ishlab chikarish hajmlarini ko‘paytirish hamda chorva mol bosh soniga mutanosib ravishda ozuqa ekin yer maydonlarining ajratilishi bo‘yicha chora-tadbirlar dasturi tasdiqlanib, qator amaliy ishlar qilinmoqda.
Xususan, chorvachilik ozuqa bazasini mustahkamlash uchun asosiy ozuqa ekinlari maydoni 405,3 ming gektar bo‘lib, (2021 yilda 339,7 ming gektar) o‘tgan yilga nisbatan 66 ming gektar ko‘p ajratildi. Takroriy ozuqabop ekinlar ekish uchun rejalashtirilgan 221,3 ming gektar g‘alladan bo‘shagan maydonlarga to‘liq takroriy makkajo‘xori ekini ekildi. Bundan tashqari, kelgusi yil uchun 12,4 gektar yangi beda, 102,2 ming gektar oraliq ozuqa ekinlari ekish belgilangan bo‘lib, hozirda ekish ishlari yakuniga yetkazilmokda.
Davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha berilgan subsidiya va imtiyozlar natijasida joriy yilda go‘sht ishlab chikarish o‘tgan yilga nisbatan chorvachilik fermer xo‘jaliklarida 137,7 foizga, sut 104,2 foizga, chorvachilik qishloq xo‘jaligi korxonalarida go‘sht 129 foizga, sut 127,4 foizga ko‘paydi.
Ushbu ma’lumotlar “O‘zbekiston Respublikasida chorvachilik sohasi va uning tarmoqlarini rivojlantirish bo‘yicha 2022 – 2026 yillarga mo‘ljallangan dastur doirasida olib borilayotgan chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi Oliy Majlis Qonunchilik palatasining parlament so‘roviga Bosh vazirning agrar va oziq-ovqat sohalarini rivojlantirish masalalari bo‘yicha o‘rinbosari Sh.G‘aniyevning javobida taqdim etilgan. Parlament so‘roviga javob Qonunchilik palatasining majlisida ko‘rib chiqilib, qaror qabul qilindi.
Muhtarama Komilova, O‘zA