Chorva naslchiligi – mahsuldorlik demak
Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish davlat qo‘mitasi mutasaddilari ishtirokida tashkil etilgan matbuot anjumanida mutaxassislar tomonidan qoramollar mahsuldorligini oshirish va naslini yaxshilashda sun’iy urug‘lantirishning ahamiyati, bu borada olib borilayotgan ishlar haqida ma’lumot berildi.
Ta’kidlanishicha, chorvachilikda naslchilik-seleksiya ishlarini samarali tashkil etish, chorva mollarining nasli va mahsuldorlik ko‘rsatkichlarini yaxshilash aholining go‘sht va sut mahsulotlariga bo‘lgan ehtiyojini ta’minlashda muhim ahamiyat kasb etadi.
Bu jarayonda esa sun’iy urug‘lantirishni samarali tashkil etish mahsuldorlikni oshirish, jumladan, go‘sht va sut mahsuldorligini ko‘paytirish hamda ularning tannarxini arzonlashtirishga imkon yaratadi.
Shuning uchun ham ayni paytda aholi xonadonlari, shaxsiy yordamchi, dexqon va fermer xo‘jaliklarida chorva mollari bosh sonini ko‘paytirish va chorvachilikda mahsuldorlikni oshirishga alohida e’tibor qaratilmoqda.
Ushbu ishlarni samarali tashkil etish maqsadida “O‘znaslchilik” davlat korxonasi tomonidan naslli buqa urug‘lari ishlab chiqarilmoqda. Xususan, joriy yilda korxona tomonidan 1 million 350 ming dozadan ortiq naslli urug‘ ishlab chiqarilib, chorvadorlarga yetkazib berildi.
Sun’iy urug‘lantirish ishlari bilan bog‘liq masalalarni hal etish chorvadorlar va seleksionerlar zimmasiga qator vazifalar, shu jumladan, chorva mollarini O‘zbekistonning tabiiy ekologik iqlim va ozuqa sharoitlariga moslashgan hamda turli kasalliklarga chidamli, yangi sermahsul zotlarini ko‘paytirish kabi vazifalarni yuklaydi.
Sun’iy urug‘lantirish yo‘li bilan olingan buzoqlar nisbatan tez o‘sishi va kasalliklarga chidamliligi jihatlari bilan ajralib turadi.
Sohada naslchilik ishlarini tashkil etishdan asosiy maqsad – bu kam ozuqa va mehnat sarflab, ekologik toza hamda ko‘proq hajmda mahsulot yetishtirish uchun qoramollar naslini uzluksiz yaxshilab borishdan iborat.
Qoramollarni sun’iy urug‘lantirishning yana bir muhim jihati shuki, 1-avlodda 25 foiz, 2-avlodda 50 foiz va 3-avlodda 75 foiz mahsuldorlik ortadi va qoramol zoti yaxshilanadi.
Muhayyo Toshqorayeva, O‘zA