Chortoq ekoshaharga aylanadi
Rozanna Nitti boshchiligidagi Jahon banki delegatsiyasi Namanganga tashrif buyurdi.
Rozanna Nitti boshchiligidagi Jahon banki delegatsiyasi Namanganga tashrif buyurdi.
Rasmiy mehmonlarni viloyat hokimi Xayrullo Bozorov qabul qildi. Uchrashuvda Xalqaro tiklanish va taraqqiyot banki ishtirokidagi “Oʻrta shaharlarni kompleks rivojlantirish” loyihasiga kiritilgan Chortoq shahrida amalga oshirilishi rejalashtirilgan bunyodkorlik va obodonlashtirish ishlari muhokama qilindi.
Oʻzbekiston Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligining loyihani amalga oshirish guruhi rahbari Jamshid Fayozov, Jahon bankining shaharsozlik boʻyicha katta mutaxassisi Silpa Kaza, meʼmoriy yechimlar boʻyicha masʼul Pablo Vadjone hamda boshqa bir guruh mutaxassislar bilan boʻlgan muloqotda dastlabki xomaki loyihani mukammaltirish, loyihadan oʻrin olishi koʻzda tutilgan obyektlar, Jahon banki loyiha guruhi tomonidan bildirilayotgan takliflarni mahalliy shart-sharoitlardan kelib chiqib umumiy konsepsiyaga moslashtirish boʻyicha fikr almashildi. Chortoqning bosh rejasi bugungi kunda rejalashtirilayotgan tumanni tibbiyot va sihatgohlar turizmi rivojlangan ekologik toza hududga aylantirish uchun kerakli barcha jihatlarni oʻz ichiga olishi lozimligi borasida ham kelishib olindi.
Xalqaro tiklanish va taraqqiyot bankining 100 million dollar krediti hamda Oʻzbekistonning 24,1 million dollarlik ulushi bilan hayotga tatbiq etilayotgan ushbu loyihaning tajriba-sinov shaharlari sifatida Yangiyoʻl (Toshkent viloyati), Kogon (Buxoro viloyati) va Chortoq belgilangan. 2019-2021-yillarda amalga oshirilishi rejalashtirilgan ishlar natijasida Chortoq zamonaviy infratuzilmaga ega obod ekoshaharga aylanishi koʻzda tutilgan.