“Chor chinor” kattalarga ham xizmat ko‘rsatadi
Yozning jaziramasi barchani soya-salqin joylarga chorlamoqda. Ayniqsa, tog‘ va tog‘ oldi hududlarda joylashgan dam olish maskanlari aholi bilan gavjum. Bunday paytlarda bolalar yozgi dam olish maskanlari ota-onalarga farzandi uchun eng qulay joy hisoblanadi.
Urgut tumanida, tog‘lar bag‘rida joylashgan “Chor chinor” oromgohi ana shunday betakror tabiatga ega maskanlardan biri. O‘n gektar hududni egallagan oromgoh ayni paytda yuzlab bolajonlarni o‘z bag‘riga olgan.
– Oromgohimiz 300 o‘ringa mo‘ljallangan bo‘lib, sakkizta yotoqxona, tibbiyot bo‘limi, sport maydonchasi, kutubxona, kompyuter xonasi, to‘garaklar, basseyn tashkil etilgan, — deydi oromgoh direktori Anvar Fazliyev. – Bu yilgi mavsumda bolalarni sog‘lomlashtirish, dam olishlarini mazmunli tashkil etish maqsadida yotoqxona va xonalardagi jihozlar yangilanib, bolajonlar uchun zarur sharoitlar yaratildi. 50 nafardan ziyod malakali tarbiyachi-murabbiy va ishchi-xodimlar jalb etildi. Hozirga qadar oromgohda to‘rtinchi davra bilan hisoblaganda 1300 nafarga yaqin bolalar sog‘lomlashtirilmoqda. To‘rtinchi davra tugagandan so‘ng rejadan tashqari, beshinchi davrada ham 300 nafar bolalarni dam oldirish ko‘zda tutilgan. Bir davra 12 kundan iborat bo‘lib, har bir kun uchun alohida dastur asosida mashg‘ulotlar olib boriladi. Jumladan, bolalarning vaqtini mazmunli o‘tkazish maqsadida ularning qiziqishiga qarab, sport, kitobxonlik, kompyuter savodxonligi, musiqa va san’at to‘garaklari, intellektual o‘yinlar hamda ushbu yo‘nalishlarda ko‘rik-tanlovlar tashkil etilib, faol yoshlar rag‘batlantiriladi. Faoliyatimizdagi yangiliklardan biri bundan buyon muassasani faqatgina yozgi mavsumda emas, balki yil davomida ishlashini tashkil etish bo‘yicha tegishli vazifalar belgilangan. Shu asosda bolalarning yozgi sog‘lomlashtirish mavsumi yakunlangandan so‘ng oilaviy dam oluvchilar, kattalar uchun dam olish imkoniyatlari yaratiladi. Pullik xizmat ko‘rsatish asosida tashkil etiladigan dasturimiz aholiga manzur bo‘ladi, degan umiddamiz.
Oromgohda samarqandlik bolalar bilan birgalikda Toshkent, Jizzax va Buxoro viloyatlaridan kelgan o‘quvchilar ham dam olib, yozni maroqli o‘tkazmoqda.
– Chirchiq shahridan keldim, bu maskan menga juda yoqdi, – deydi Diyorbek Yoqubjonov. – Oromgohning tabiati zo‘r ekan. Maza qilib dam olyapman. Yangi do‘stlar orttirdim. Ular bilan musobaqa va tanlovlarda faol ishtirok etib, oromgoh direktori kubogini qo‘lga kiritish uchun harakat qilyapmiz. Shuningdek, ingliz tilidagi to‘garakka qatnashyapman. Ingliz tilida qo‘shiq ham o‘rgandim.
– Oromgoh menga ham juda yoqdi, ustozlarimiz mehribon, ovqatlari mazali, – deydi pastdarg‘omlik Shohista Fozilova. – Ingliz tiliga qiziqaman. Bu yerda ham ingliz tili to‘garagi borligi meni quvontirdi. Shuningdek, “Barkamol avlod” bolalar maktabining “Mohir qo‘llar” to‘garagiga ham qatnashyapman. Unda turli narsa-buyumlar yasashni o‘rganib oldim. Tabiat qo‘yniga sayohatlar menga olam-olam taassurotlar ulashmoqda. Oromgoh mazza.
[gallery-18496]
O‘zbekiston kasaba uyushmalari federatsiyasi qoshidagi bolalarning dam olishi va sog‘lomlashtirilishini tashkil etish departamenti viloyat boshqarmasidan olingan ma’lumotlarga ko‘ra, joriy yilgi mavsumda viloyatdagi 16 ta oromgohda 9600 nafardan ortiq bolani sog‘lomlashtirish va dam oldirish rejalashtirilgan. Ayni paytga qadar 6685 nafar bolajon oromgohlarga jalb qilingan. Avgust oyida departament tasarrufidagi Urgut tumanida joylashgan “Chor chinor” va Samarqand tumanidagi “Safedi” bolalar sog‘lomlashtirish oromgohlarida beshinchi davra ham tashkil etilib, ularda 500 nafarga yaqin bolalar dam olishi ko‘zda tutilgan.
<iframe width="560" height="315" src="https://www.youtube.com/embed/SBKbFlV21Y4?si=OHMoV_Nd9My7JED3" title="YouTube video player" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>G‘.HASANOV,
A.ISROILOV (surat, video), O‘zA muxbirlari