Chodakda zamonaviy dam olish maskani barpo etilmoqda
Ayni paytda fin uslubida qurilgan, har biri ikki oʻrinli, barcha qulayliklar mavjud uchta kemping qurib bitkazildi.
Namangan viloyati Pop tumani Chodak qishlogʻida “Rasputin Agro Servis” masʼuliyati cheklangan jamiyati tomonidan fin uslubidagi kempinglar, kottej va oʻtovlar majmuasini oʻz ichiga olgan zamonaviy turizm, dam olish va xizmat koʻrsatish markazi barpo etilmoqda.
Chodak oʻzining betakror tabiati, qiru togʻlari va soy jilgʻalari bilan azaldan minglab sayyohlar uchun sevimli maskan boʻlib kelgan. Soʻnggi yillarda Chodak qishlogʻining turizm salohiyatini yana-da yuksaltirish borasida keng hajmli ishlar amalga oshirilmoqda.


Chodaksoy boʻyidagi bir gektarlik maydonda barpo etilayotgan dam olish maskanining oʻziga xosligi shundaki, bu yerda mahalliy va xorijiy sayyohlar uchun bir vaqtning oʻzida uch yoʻnalish (turizm, dam olish va xizmat koʻrsatish)da xizmat koʻrsatiladi.
Ayni paytda fin uslubida qurilgan, har biri ikki oʻrinli, barcha qulayliklar mavjud uchta kemping qurib bitkazildi. Bundan tashqari, 7 ta ikki qavatli kottej tipidagi mehmon uylari qurish ishlari boshlanib, poydevor qurilgan. Shuningdek, soy boʻyidagi boʻsh maydonga 10 ta oʻtov qoʻyish, mahalliy oʻziga xos taomlarni taklif etuvchi tematik oshxona barpo etish ishlari boshlangan.
– Barcha ishlarimiz zamirida Chodakni rivojlantirish, aholini ish bilan taʼminlash, el farovonligiga xizmat qilishdek, buyuk maqsad yotibdi, – deydi turizm maskani rahbari Rahimjon Qoʻldoshev. – Ayni paytda turizm sohasida xizmat koʻrsatayotgan biz kabi tadbirkorlarga davlat tomonidan qator imtiyozlar taklif etilayotgani faoliyatimiz rivojida muhim omil boʻlmoqda.