Choʻkayotgan ayol qutqarib qolindi
Xoʻjayli tumani Ichki ishlar boʻlimi huquqbuzarliklar profilaktikasi boʻlinmasi profilaktika inspektorlari tomonidan choʻkayotgan ayol qutqarib qolindi.
Xoʻjayli tumani Ichki ishlar boʻlimi huquqbuzarliklar profilaktikasi boʻlinmasi profilaktika inspektorlari tomonidan choʻkayotgan ayol qutqarib qolindi.
Qoraqalpogʻiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi axborot xizmati maʼlumotiga koʻra voqea joriy yil 15-aprel kuni soat 11-00 larda tumandagi “Suoʻyenli” mahalla fuqarolar yigʻini hududida roʻy bergan.
Profilaktika katta inspektori kapitan Biysenbay Qayipnazarov va profilaktika inspektori, kapitan Salamat Utemisovlar kundalik taqsimot boʻyicha oʻzlariga biriktirilgan hudud aholisining karantin qoidalariga amal qilishini nazorat qilish yuzasidan xizmat olib borayotgan paytda, “Suoʻyenli” kanalida choʻkayotgan ayolni koʻrib qolishadi.
Tinchlik posbonlarining tezkor amaliy harakatlari tufayli uning hayoti saqlab qolinadi. Maʼlum boʻlishicha, qutqarilgan ayol ushbu tumanda yashovchi, 1989-yili tugʻilgan D.A. boʻlib, oilaviy kelishmovchilik tufayli oʻz joniga suiqasd qilmoqchi boʻlgan.
Hozirda mazkur holat yuzasidan surishtiruv ishlari olib borilmoqda.