“Chiston” – milliylikka yo‘g‘rilgan spektakl
Teatr san’atida yuksak mahorat haqida gap ketganda badiiy jihatdan pishiq va puxta, tomoshabinni larzaga va hayratga sola oladigan, shu bilan birga, o‘ylashga va chuqur fikrlashga unday oladigan asarlar yaratadigan shaxslar yodga olinadi.
Hozirda O‘zbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi qoshidagi Ma’naviyat va ma’rifat markazida “Turon” harbiy teatri faoliyat yuritib kelmoqda. Uning bosh direktori va rejissyori Sayfiddin Meliyev mana bir necha yillardan buyon “O‘lan”, “Qirq kokilli kelinchak”, “Tumor” kabi spektakllarni sahnalashtirdi. Rejissyorning navbatdagi ramzlarga va o‘ziga xos yumorlarga boy spektakli “Chiston” bo‘ldi.

Arman yozuvchisi Narine Abgaryan asari asosida sahnalashtirilgan ushbu spektakl muvaffaqiyatli chiqdi. Unda Jahon otin Uvaysiyning chiston to‘rtliklaridan foydalanilgan.
Sayfiddin Meliyev hayotiy voqealarni ramzlarga quradi, uning sahna asarlarida rekvizitlar, barcha detallar milliylikka yo‘g‘rilgan. Rejissyor o‘z qarashlari bilan o‘zbekona turmush, hokisor taqdirlar, oddiy va sodda insonlarning sof tuyg‘ularini tomoshabinga o‘ziga xos rakurslarda ko‘rsatadi.
“Chiston” spektaklida teatr ijodkorlari ayollar tuyg‘ularining nozik jihatlarini o‘ziga xos tarzda ifodalashga harakat qilgani bilan ahamiyatli. Shohi so‘zanalar, milliy liboslar, gilamlar va naqshinkor ro‘mollar xuddi o‘zbekning qalbiga va ruhiyatiga cho‘kib ketgan o‘zligi, o‘z qarashlari va mohiyatini ko‘rsatib turadi.

– Mana bir necha yillardan buyon jamoa bilan tinmay mehnat qilib kelmoqdamiz, – deydi rejissyor Sayfiddin Meliyev. – Teatrni sevadigan, unga jonini berishga ham tayyor bo‘lgan inson uchun ish jarayonida joy va makonning farqi yo‘q. Masalan, men bitta daraxtning tagida ham spektakl yaratishga o‘rganib qolganman. Men uchun eng muhimi qaynoq ijod, yangi asarlar va tomoshabinlarni mehri.
Spektaklda Ilmira Rahimjonova, Gulxumor Abdullayeva, Nafisa Toshmatova, Feruza Saidova, Jo‘rabek Orziyev kabi san’atkorlar o‘ziga xos rollarni ijro etgan.
N.Usmonova, O‘zA