Qashqadaryo viloyati Chiroqchi tumanida tayyorlanadigan “yaxna” milliy taomi nafaqat mamlakatimizda, balki xorijda ham mashhur.
Qizig‘i shundaki, Chiroqchi xalqi ushbu tansiq taomni xalq tilida “chorshanba” va “payshanba” deb nomlanuvchi katta bozor tashkil qilinadigan kunda, tongdan iste’mol qiladi. Bu odat hudud aholisi orasida azaldan an’ana tusiga kirgan. Avval taom..., deganlaridek, avval yaxna go‘shtdan to‘yib taomlangach, keyin xonadon uchun bozor-o‘char qilinadi. Hatto ba’zilar erta azondan atayin yaxna go‘shti yeyish uchungina bozorga boradi. Ushbu taom sotiladigan rasta atrofidagi oshxonalar mijozlar bilan liq to‘la. Bu tansiq taomning ta’rifini eshitib, boshqa hududlardan ham mehmonlar keladi. Shu yerliklarning ta’kidlashicha, ba’zan xorijliklar ham oshxonada mehmon bo‘lib ketishadi. Eng qizig‘i, birorta ham taom atrofida pashsha uchganini ko‘rmaysiz. Rastalarda osig‘liq turgan, yangi so‘yilgan go‘shtlarga ham pashsha qo‘nmaydi.
Ushbu ta’riflar izidan erta saharlab yakshanba kuni bo‘lishiga qaramay Chiroqchining Chiyali hududi sari otlandik.
Ertalabdan bozor gavjum. Bir tomonda mol bozori, bir tomonda kiyim-kechak, keyingi tomonda oziq-ovqat rastalari joy olgan. Bozorda hamma o‘z tashvishi bilan ovora, kimdir keltirgan mahsulotiga xaridor chaqirish bilan mashg‘ul bo‘lsa, yana boshqa birov olmoqchi bo‘lgan buyum uchun sotuvchi bilan tortishmoqda.
Biz izlagan manzil esa bozorning ichkarisida. Ikki qatorlik yaxna rastasida chamasi 25-30 nafar sotuvchi oldiga qo‘yilgan yaxna to‘la tog‘oralardan hidi chiqib turgan yaxnalarni qo‘li-qo‘liga tegmay sotmoqda. Rastalarda xaridorlar shu qadar gavjumki, oyoq bosishga joy yo‘q. Keyin bilsak, xaridorlarning bu qadar yaxna go‘shtini iste’mol qilishga shoshilishining ham sababi bor ekan. Ularning ta’kidlashicha, eng sifatli yaxna go‘shti erta tongdan soat 9 largacha sotilar ekan. Xaridorlar orasida yosh navqiron yigitlardan tortib, 70-80 yoshni qarshilagan keksalargacha topiladi. Bir qarashda qo‘lida paxta gulli laganlarni ko‘tarib olgan mijozlar qadimgi paytlardagi to‘ylarda osh uchun qozon atrofida yig‘ilib turgan to‘yxona xizmatchilarini eslatib yuboradi.
Yaxna olish uchun navbatda turgan keksa mijozlardan birini suhbatga chorladik.
– Yoshim 70 da, lekin har bozor kunida yaxna yemasam, o‘zimni kasal bo‘lgandek his qilaman, – deydi Toshturdi bobo Norqulov. – Yoshlikdan shunga odatlanganmiz. Bu taomda rostdan shifobaxshlik xususiyati bor. Quvvati kuchli bo‘lishiga qaramasdan tez hazm bo‘ladi. Qon bosimini oshirmaydi. Har bozor kuni yarim kilodan ziyod yaxna go‘shti yeyman. Yosh navqiron yigitlarga bir ishni eplay olmasalar yaxna yeganmisan o‘zi, deya hazillashamiz. Xullas, yaxnadan yeb yursangiz kasal bo‘lmaysiz.
Yaxna rastalari bo‘ylab oralab borar ekanmiz, bir sotuvchi oldida juda ko‘p mijozlar navbat kutib turganini ko‘rdik. Bilsak, u eng tajribali, qo‘li shirin Xolbo‘ta yaxnachi ekan. Undan yaxna tayyorlash sirlari haqida so‘radik.
– Bu bozor ko‘p yillik tarixga ega, – deydi Xolbo‘ta Aliyev. – Bozorimizga azaldan mehmonlar ko‘p keladi. Yaxna go‘shti ko‘k beda va arpani to‘yib yegan, kami 35-40 kilogramm tosh bosadigan 18-19 oylik qo‘zi qo‘chqor go‘shtidan tayyorlanadi. Oddiy suvda 10-12 soat past olovda qaynatib pishiriladi. Salkam 30 yildan buyon shu ish bilan shug‘ullanaman. Haftada ikki-uch bozorga boramiz. Bir bozorda kamida 70-80 kilo yaxna sotamiz.
–Nima sababdan yaxna go‘shti boshqa joylarda bu yerdagidek mazali pishmaydi, buni qandaydir siri bormi?
– Siri oddiy, mehr berib pishirish kerak, – deydi X.Aliyev. – Har qanday taomga ham mehr berib pishirilsa, totli bo‘ladi. Keyin biz qozonga bir tashlashda 70-80 kilogramm semiz qo‘chqor go‘shtini solamiz. Go‘sht qancha ko‘p bo‘lsa, ta’mi shunchalik mazali bo‘ladi. Bundan tashqari, tajriba ham muhim. Masalan, bir ishni har kuni takrorlayversangiz u sizga yod bo‘lib ketadi. Bu hunarim ortidan el ichida hurmat qozondim. Bir qancha festivallarda ham qatnashib keldim. Qolaversa, bozorimizga yaratganning nazari tushgan. Shu bois yaxnalarimiz ta’mi og‘izda qoladi. Bu bilan doim faxrlanamiz.
Tajribali yaxnachining aytganicha bor. Bozordagi holat sanitariya-gigiyena qoidalariga mos. Toza. Havo ham mo‘’tadil. Bozordan sal uzoqlashsangiz pashsha bor. Lekin aynan bozorda yo‘q. Bu hikmatni shu yerliklar turlicha izohlaydi. Nima bo‘lganda ham tabiatning bu sinoatiga qoyil qolmay iloj yo‘q.
Yaxna go‘shti haqida xalq ichida shunday rivoyat yuradi. Qadim zamonlarda ham bu yerliklar chorvachilik bilan shug‘ullanib kelgan. Bir kuni cho‘ponlardan birining semiz qo‘chqori kasallanib qoladi. Cho‘pon o‘ylab-o‘ylab qo‘chqorni so‘yishga qaror qiladi. Qarasa ancha go‘sht, bozorga sotay desa, kasallangan. Har narsa bo‘lishi mumkin. Nima qilishini bilmay oxiri go‘shtni qozonga solib, kasalliklari yo‘qolib ketsin deya erta tonggacha qaynatib chiqadi. Juda totli taomga aylanadi. Keyin bozorga sovugan holda olib chiqadi. Odamlar yeb ko‘rib, go‘sht yaxtayku, ammo juda mazali ekan, deydi. Shu-shu yaxna go‘sht nomi qolgan ekan.
– Birinchi marta bu yerga kelganimda 11 yosh bo‘lganman, – deydi surxondaryolik mehmon Muhammadali Alimov. – Juda fayzli joylar. Ota-bobolarimiz doim bu yerga kelib ketgan. Bu qishloqlar tarixini juda yaxshi bilaman. Sababi, bizdan oldingi ajdodlarimiz mana shu yerlarni makon tutgan. Shu bois har yili ziyoratga kelamiz.
Xullas bu fikrlar, albatta, bir rivoyat va elda og‘izdan-og‘izga o‘tib kelayotgan ma’lumotlar, ammo bir qarashda shu ma’lumotlarda ham qandaydir haqiqatlar yashirin. Rivoyatlar tarixning otasidir, deya bejizga aytilmagan. Yaratganning nazari tushgan bu o‘lkadan olgan taassurotlarimiz shu bo‘ldi.
Paxta gulli sopoldan yasalgan o‘rta kattalikdagi laganga solingan qo‘zi-qo‘chqor go‘shtidan tayyorlangan yaxna, yonida sirlari uchib qolgan chinni choynakda rosa dam berilib, kiyik o‘tlaridan qo‘shib tayyorlangan ko‘k choy. Boshqa laganda xalq tilida “Mayram manti” deb nomlanuvchi faqat xamirdan iborat mantilar. Og‘izga go‘shtni solishingiz bilan erib ketadi. Lekin ilgari yeb o‘rganmagan bo‘lsangiz, kamroq iste’mol qilishni tavsiya qilamiz. Ming bor eshitgandan bir bor ko‘rgan afzal. Chiroqchi tomonlarga yo‘lingiz tushib qolsa, albatta yaxna go‘sht va mayram mantidan yeb ko‘ring.
[gallery-2672]
O‘lmas Barotov,
Jamshid Norqobilov (surat), O‘zA