Ushbu xabarni eshitishimiz bilan Chiroqchi tumani tomonga shoshildik.
Ta’kidlash lozimki, Qashqadaryo viloyatining Chiroqchi tumanidagi Utamayli qishlog‘i dehqonlari bir necha o‘n yillardan buyon tarvuzning ertachi va kechki navlarini yetishtirib, eksport qilish bo‘yicha barchaga o‘rnak bo‘lmoqda. O‘sha hududlik tajribali dehqon “Ravshan hoji” polizchilik va sabzavotchilik fermer xo‘jaligi rahbari Ulug‘bek Jumanazarov tarvuz yetishtirish borasida yangilik yaratib, joriy yildan boshlab xorijlik seleksionerlar tomonidan yaratilgan qizil mag‘izli urug‘siz va ananas ta’mli sariq mag‘iz tarvuz yetishtirishni yo‘lga qo‘ydi.
– Joriy yilda chetdan keltirilgan urug‘siz tarvuz navini xorijlik hamkorlarimiz taklifiga asosan 1000 dona sinov tariqasida ekib ko‘rdik, – deydi Ulug‘bek Jumanazarov. – Natijasi biz kutgandan ham a’lo bo‘ldi. Hozirda hosil pishib yetildi. Hamkorlarimiz tarvuzlardan namunalar olib ketishdi va sifatini yuqori baholashdi. Keyingi yilda 100 tonna huddi shu mahsulotdan yetishtirib berish bo‘yicha kelishuvga erishdik.
Dehqonning ta’kidlashicha, mazkur urug‘siz tarvuz parvarishi ham avvalgilari bilan deyarli bir xil, ammo urug‘larni ko‘kartirib olish jarayoni biroz mashaqqatli. Belgilangan agrotexnik talablarga amal qilinmasa, urug‘larning bexato ko‘karishi qiyin kechadi va yo‘qotishlar katta bo‘ladi. Hozirda bu yilgi orttirilgan tajribalardan kelib chiqib, mutaxassislar tavsiyalari asosida urug‘larni bexato ko‘kartirish bo‘yicha ham bilim va ko‘nikmalar orttirilmoqda. Hosildorligi ham odatdagi tarvuzlar bilan bir xil.
[gallery-2622]
- Xo‘sh, unda mazkur urug‘siz tarvuzning boshqalaridan afzalligi nimada, so‘raymiz undan.
– Bilasizmi, bugungi kunda iste’molchi didi noziklashib bormoqda, – deydi U.Jumanazarov. – Masalan, tarvuzni urug‘lardan tozalash, hajmi yirikligi va hokazo holatlar iste’molchilarda noqulaylik tug‘diradi. Ko‘rinishidan o‘zimizning kechki lalmi tarvuzni eslatib yuboradigan ushbu nav esa olimlar tomonidan har tomonlama qulaylashtirib yaratilgan. Ya’ni, o‘rtacha kattalikda, 3-4 kilogrammni tashkil qiladi. Deyarli urug‘siz. Faqat totli va suvli mag‘izning o‘zi. Qoyil qolmay iloj yo‘q. Eng muhimi, serquyosh zaminimizning o‘ziga xosligi uning shirinligi va mazasiga ijobiy ta’sir qilgan. Xorijlik hamkorlar e’tiborini tortgan tomoni ham aslida mana shu.
U.Jumanazarov faoliyati davomida o‘z sohasida yuz berayotgan yangiliklarga alohida e’tibor qaratadi. Urug‘siz tarvuz bilan birgalikda, vatani Janubiy Koreya bo‘lgan sariq mag‘izli, ananas ta’mini beradigan tarvuz navini ham sinov tariqasida 1000 tup ekib parvarishladi. Omilkor dehqonning qayd etishicha, ushbu tarvuzning ham xaridori juda ko‘p. Shu bois sariq mag‘izli tarvuzga qiziquvchilar hozirdanoq dehqon bilan bog‘lanishga va uni eksport qilishga intilmoqda.
Qalovini topsang, qor ham yog‘adi deganlaridek, utamaylilik dehqonlar cho‘l sharoitida tarvuz yetishtirish ortidan mo‘maygina daromad topib, o‘zini ham, davlatni ham boy qilmoqda. Ma’lumotlarga ko‘ra, birgina joriy yil may oyining oxirgi 10 kunligida hudud dehqonlari tomonidan gektaridan 20 tonnadan ziyod ertachi tarvuz yetishtirilib, xorijga eksport qilingan. Hali dalada hosil mo‘l.
Shu o‘rinda yana bir gap. Tarvuz ekilgan dalalarga borar ekanmiz, hudud dehqonlarining mashaqqatli mehnati natijalarini, xaridorlarning ko‘pligini, har bir dala boshida mahsulotlar eksportga yuklanayotganini ko‘rish bilan birga, dalalarga olib boruvchi yo‘llarning nihoyatda ta’mirtalabligining ham guvohi bo‘ldik. Haqiqatdan Utamayli mahallasi oralab o‘tadigan umumfoydalanuvdagi yo‘lning ahvoli nihoyatda achinarli. Dalalarga olib boruvchi yo‘lni-ku umuman ta’riflash qiyin. Ko‘pchilik dehqonlarning ta’kidlashicha, kelayotgan xaridorlar mahalla oralab o‘tadigan yo‘ldan doim nolishadi.
Viloyat eksportini ko‘tarish uchun falon so‘m mablag‘ sarflaymiz, yuzlab loyihalarni amalga oshiramiz, degan mutasaddilar avval utamaylilik dehqonlar uchun muhim bo‘lgan qishloq oralab o‘tgan yo‘lni ta’mirlab berishsa, nur ustiga a’lo nur bo‘lardi. Guvohi bo‘lganimizdek, ular mablag‘ni ham, xaridorni ham o‘zi topadi. Faqat sharoit yaratib berish kerak, xolos.
O‘lmas Barotov, Jamshid Norqobilov (surat), O‘zA.