Chirchiq shahri qiyofasi yangilanmoqda
Toshkent viloyati Chirchiq shahrida ancha yillardan buyon birorta ham ko‘p qavatli uy-joy qurilmagan edi. Keyingi yillarda shahar qiyofasi tubdan yangilandi.
Davlatimiz rahbari tashabbusi bilan Chirchiqda o‘nlab zamonaviy, zilzilabardosh va energiya tejamkor ko‘p qavatli uy-joylar bunyod etildi. Xususan, 2017-2019 yillarda birgina “O‘zshahar qurilish invest” kompaniyasi davlat dasturi asosida uy-joyga ehtiyojmand oilalar uchun shaharda 18 ta 7 qavatli turarjoyni qurib, foydalanishga topshirdi. 2020 yilda qurilishi boshlangan 2 ta 16 qavatli turar joy esa nafaqat Chirchiq, balki viloyatda ham o‘ziga xos yangilik bo‘ldi.
Qayd etish kerakki, mazkur uylar quyma temirbeton konstruksiya hisoblanadi. Har bir xonadon to‘liq gazlashtirilgan va individual isitish tizimiga ega. Xonadonlar mo‘’tadil iqlimini saqlashi uchun bino tashqi devorlari bazalt mineral plitasi bilan qoplangan. Binoda ikkitadan zamonaviy yuk ko‘tarish lifti o‘rnatilgan. Energotejamkor uylarda raqamlashtirilgan texnologiyalar keng qo‘llanilgan bo‘lib, yongin xavfsizligi, xavfsizlik choralari nanotexnologiyaga asoslangan holda ishlab chiqilgan.
Ayni paytda mazkur uylarda qurilish ishlari to‘liq yakunlanib, foydalanishga topshirildi. Ushbu uylar aholiga 20 yillik ipoteka kreditlari asosida berildi. Hozirda hududda yana 2 ta har biri 80 xonadonli 16 qavatli uylar bunyod etilayotgan bo‘lib, tez kunlarda tayyor holda foydalanishga topshiriladi.
O‘zA