Chiqindilarni qayta ishlash yo‘lga qo‘yildi
Sirdaryo viloyatining Boyovut tuman tibbiyot birlashmasida YUNISEFning 1 milliard 748 million so‘mlik grant mablag‘i hisobidan sanitar-ekologik talabga javob beradigan chiqindilarni qayta ishlaydigan utilizatsiya shoxobchasi foydalanishga topshirildi.
– Yangi, zamonaviy utilizatsiya shoxobchasi foydalanishga topshirilganiga qadar tuman tibbiyot birlashmamiz davolash profilaktika bo‘limlaridan chiqayotgan chiqindilar maxsus pechlar yordamida, yondirilardi, – deydi tuman tibbiyot birlashmasi bosh shifokori Akromjon Azizqulov. – Endilikda zamonaviy shoxobcha hisobiga ikkita ish o‘rni ham yaratilib, unda ishlaydigan xodimlar himoya vositalari bilan ta’minlandi. Italiya texnologiyasi asosida jihozlangan zamonaviy utilizatsiya shoxobchasi esa oldingidan mutlaqo farq qilib, tibbiy biologik chiqindilarni maydalab, dezinfeksiya vositalari orqali katta bosim ostida zararsizlantirib, atrof-muhitga mutlaqo zarar yetkazmaydigan holda qayta ishlab, yarim tayyor mahsulotga aylantirilmoqda.
Bundan tashqari, tuman tibbiyot birlashmasiga qarashli olis hududdagi 10 ta oilaviy poliklinikada zaxira omborlari qurilib, tibbiy biologik chiqindilarni to‘plash, zararsizlantirish ishlari ham yo‘lga qo‘yildi.
Shuhrat Suyarov, O‘zA muxbiri