Chiqindilar bo‘yicha jamoatchilik eshituvi
Qaror va ijro
Andijonda chiqindilarni yig‘ish, olib chiqish, saralash, utilizatsiya qilish va qayta ishlash borasidagi ishlar yuzasidan jamoatchilik eshituvi o‘tkazildi.
Andijon qishloq xo‘jaligi va agrotexnologiyalar institutida tashkil etilgan tadbirda O‘zbekiston Ekologik partiyasi markaziy kengashi ijroiya qo‘mitasi raisi Abdushukur Hamzayev ishtirok etdi.
Jamoatchilik eshituvida viloyat hokimligi mutasaddilari, tegishli boshqarma boshliqlari, ekspertlar, ekolog olimlar, viloyatda chiqindilarni olib chiqish, saralash, utilizatsiya qilish va qayta ishlash sohasida faoliyat olib borayotgan korxona hamda tashkilotlar rahbarlari, yosh ekologlar qatnashdi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020 yil 29 sentyabrdagi “Maishiy va qurilish chiqindilari bilan bog‘liq ishlarni boshqarish tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorida belgilangan vazifalar ijrosi muhokama qilindi. Bu borada viloyatda olib borilayotgan ishlar yuzasidan mutasaddilarning hisobotlari eshitildi.
Ishtirokchilar tomonidan yuqoridagi qaror ijrosini ta’minlash, viloyatda chiqindilarni yig‘ish, saralash, olib chiqish, qayta ishlash va utilizatsiya qilish, chiqindi poligonlarini rekultivatsiya qilish sohasida amalga oshirilayotgan ishlar holati tahlil qilindi. Muammo va yo‘l qo‘yilayotgan xatolar xususida atroflicha so‘z yuritildi.
Tanqidiy ruhda o‘tgan jamoatchilik eshituvida chiqindilarni qayta ishlash bo‘yicha viloyatda ish olib borayotgan korxonalar faoliyatidagi yutuq va muammolar, ushbu korxonalarni qo‘llab-quvvatlash, ularning faoliyatiga zamonaviy qayta ishlovchi texnologiyalarni joriy etish haqida taklif, fikr va mulohazalar bildirildi.
– Bugungi kunda chiqindilarni yig‘ish, qayta ishlash masalasi, bu boradagi mavjud muammolar barchamizni tashvishlantiradi, – deydi Xalq deputatlari Andijon viloyati Kengashi deputati Gulbahor Qosimova. – Bu hayotimiz, salomatligimizga bevosita bog‘liq bo‘lgan muhim masaladir. Ana shu yo‘nalishdagi ishlarni samarali tashkil etish, fuqarolarning ekologik madaniyatini yuksaltirish, tabiatga, atrof-muhitga bo‘lgan munosabatni tubdan o‘zgartirish, muammolarni bartaraf etish uchun o‘z vaqtida zarur ishlarni olib borishimiz lozim.
Jamoatchilik eshituvi davomida mavzu doirasidagi ishlarning sifati va samaradorligini oshirish, yanada yuqori bosqichga ko‘tarish yuzasidan muhim vazifalar belgilab olindi.
Faxriddin Ubaydullayev,
O‘zA muxbiri