Chiqindidan energiya ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yiladi
Sirdaryo viloyatining Boyovut tumanida chiqindilarni ekologik xavfsiz qayta ishlash va muqobil energiya ishlab chiqarishga qaratilgan yirik loyiha yangi bosqichga ko‘tarildi. Loyiha Janubiy Koreyaning KECC Holding Group va Geotech Engineering-Design Group kompaniyalari vakillarining Boyovutga tashrifi bilan boshlangan edi. Dastlabki uchrashuvlarda chiqindilarni biologik usulda chiritish, poligon gazidan elektr energiyasi ishlab chiqarish hamda hududning energetik salohiyatini oshirish masalalari atroflicha muhokama qilindi.
Joriy yilning yanvar oyida tuman hokimi Niyoz Hazratqulov ishtirokida bo‘lib o‘tgan muzokaralarda ham mazkur loyihani amalga oshirishga doir asosiy yo‘nalishlar muhokama qilingandi. Xususan, chiqindilarni saralash va qayta ishlash tizimini joriy etish, chiritish jarayonida hosil bo‘ladigan gazdan generatorlar yordamida elektr energiyasi ishlab chiqarish, shuningdek, irrigatsiya kanallari asosida mini GES lar qurish bo‘yicha taklif va loyihalar yuzasidan fikr almashilgandi.

Keyinchalik Innovatsion rivojlanish agentligi delegatsiyasining Janubiy Koreyaga xizmat safari davomida muzokaralar izchil davom ettirildi va loyihalar yanada takomillashtirildi. Kuni kecha Janubiy Koreya delegatsiyasining O‘zbekistonga tashrifi chog‘ida tomonlar o‘rtasida o‘zaro anglashuv memorandumi imzolandi. Memorandumga muvofiq, loyiha doirasida texnik-iqtisodiy asoslar ishlab chiqish, maishiy chiqindilarni saralash va qayta ishlash tizimini joriy etish, poligon gazidan elektr energiyasi ishlab chiqarish hamda mini GES lar qurish ishlari amalga oshiriladi. Eng muhim jihati, mazkur loyihalar Janubiy Koreya hukumati grant mablag‘lari hisobiga amalga oshirilishi rejalashtirilgan.

Loyiha nafaqat ekologik muammolarni kamaytirish, balki hududning energetik salohiyatini oshirishga hamda yangi ish o‘rinlari yaratishga qaratilgan. Shuningdek, mahalliy mutaxassislar salohiyatini oshirish, zamonaviy texnologiyalarni joriy etish va xorijiy investitsiyalarni keng jalb qilish masalalariga alohida e’tibor qaratilmoqda.

Ushbu innovatsion tashabbus Boyovut tumanida ekologiyani muhofaza qilish, energiya samaradorligini oshirish va iqtisodiy salohiyatni kengaytirishda muhim qadam sifatida baholanmoqda. Loyihaning amalga oshirilishi nafaqat hudud aholisining turmush darajasini yaxshilaydi, balki zamonaviy texnologiyalar orqali barqaror rivojlanishga ham xizmat qiladi.
G‘ulom Primov, O‘zA muxbiri