Chiqindi qutisidagi “xazina” va dunyo har kuni voz kechayotgan behisob boylik
Prezident tashrifidan so‘ng...
Momolarimiz kiyim tikadi. Ortib qolgan mato parchalarini esa yig‘ib qo‘yadi. Keyin ulardan turfa rangli quroq-ko‘rpachalar tikadi. Ularning bu ishini san’at deb ataymiz. Yana buni ro‘zg‘ordagi baraka deymiz. Uvolning oldini olish falsafasi yashirinadi bunda.
Bugun dunyo tilida “chiqindisiz texnologiya” deb atalayotgan murakkab iqtisodiy atama xalqimizning qonida mana shu kabi qadriyatlarda namoyon bo‘ladi. Tejamkorlik va tabiatga bo‘lgan hurmatning zamonaviy ko‘rinishi ana shunday bo‘ladi aslida.
Samarqand viloyati Narpay tumanidagi “Maroqand sifat” klasteriga kirgan odam, o‘sha qadim qadriyatning industrial miqyosda qanday ishlayotganiga guvoh bo‘ladi.

Prezident Shavkat Mirziyoyevning 18-mart kuni ushbu korxona faoliyati bilan shaxsan tanishish uchun borganida juda katta ramziy ma’no bor. Davlat rahbari faqat paxtani qayta ishlash yoki yangi tikuv mashinalarini ko‘rgani bormadi.
Davlat rahbariga resursni sotib emas, uni qayta-qayta ishlab boylik yaratadigan tizim namoyish etildi. Sir emas bugungi dunyoda faqat xomashyo sotish bilan shug‘ullanish qashshoqlikka yo‘l ochadi. Xomashyoni chuqur qayta ishlab, undan chiqqan chiqindini ham foydaga aylantirish esa haqiqiy ishbilarmonlik sanaladi. Prezidentning bu korxonaga tashrifi mamlakatdagi boshqa tadbirkorlarga berilgan yana bir ishora bo‘ldi. Bunda endi chiqindi degan tushunchadan voz kechib, uni resurs deb atash vaqti kelganini anglatuvchi chaqiriq bor edi.
Bugun “Maroqand sifat” klasteridagi jarayon haqiqiy zanjirni eslatadi. Bir tomonda chigit ekiladi. Boshqa yoqdan esa tayyor kiyim sotuvga chiqib ketmoqda. Eng muhimi, tikuv va gilam sexlaridan qolgan mato qirindilari endi chiqindi poliganlarida chirib yotmaydi. Yuqori tezlikda ishlovchi uskunalar o‘sha “axlat” deb qaralgan qoldiqlarni yana ip-kalavaga aylantiradi. Yiliga 5 ming tonna tola ishlab chiqarish quvvati degani, bu qancha-qancha gektar yerda paxta ekishga ketadigan suv, o‘g‘it va mehnatni tejashni anglatadi. Bu, avvalo, tabiatga berilgan madad. Yerga ko‘rsatilgan ehtiromdir.
Insoniyat bugun oyog‘i ostidagi zaminni chiqindixonaga aylantirib bo‘lgani haqiqat. Biz ishlatayotgan sintetik matolar, plastik buyumlar va kimyoviy chiqindilarning shunday turlari borki, ular tabiat qo‘ynida ming yil davomida ham yo‘q bo‘lib ketmaydi. Bu nima degani?
Bu biz bugun tashlab yuborgan bir dona polietilen xalta yoki sun’iy tolali kiyim qoldig‘i yetti avlodimizdan keyin ham yerni zaharlab yotadi degani. Tuproq nafas olmaydi. Suv esa ifloslanadi. Oqibatda esa tirik jonlar orasida turli kasalliklar ko‘payadi.
Narpaydagi kabi chiqindisiz texnologiyalar aynan mana shu ekologik halokatning oldini oluvchi xayrli tadbirkorlik sanaladi.
Jahon tajribasiga nazar tashlasak, Germaniya, Yaponiya va Shvetsiya kabi davlatlar chiqindini “ikkinchi oltin” sifatida qabul qilib bo‘lishgan. Masalan, Shvetsiyada chiqindining bor-yo‘g‘i bir foizi poligonlarga tashlanadi. Qolgani qayta ishlanib, energiya yoki yangi mahsulotga aylantiriladi. Hatto ular qo‘shni davlatlardan chiqindi sotib olib, o‘z zavodlarini xomashyo bilan ta’minlaydi.

Yaponiyada esa ishlatilgan maishiy texnika va kiyimlardan yangi mahsulotlar yaratish tizimi juda mukammal ishlaydi. U yerda “axlatxona” degan tushuncha deyarli yo‘qolgani aytiladi. Bizdagi “Maroqand sifat” klasteri ham mana shunday yuksak madaniyat sari tashlangan ulkan qadamdir.
Chiqindini qayta ishlash tadbirkorga nima beradi? Avvalo, bu daromad degani. Tekin xomashyodan tayyor mahsulot olish esa biznesning eng yuqori cho‘qqisidir.
Mazkur korxona hududiga o‘rnatilgan quyosh panellari va “yashil” texnologiyalar tannarxni tushirish, mahsulotni raqobatbardosh qilishga xizmat qilmoqda. 10 million dollarlik eksport salohiyati aynan shu tejamkorlik va aqlli boshqaruv natijasida paydo bo‘lmoqda.
Eng muhimi, bu yangi ish o‘rinlari yaratilishiga zamin hozirladi. Narpaydagi klaster ming nafar odamni doimiy, yana minglab kishilarni mavsumiy ish bilan ta’minlayapti. Bu oilalarning daromadi, bolalarning kelajagiga ta’sir qiluvchi jihat sanaladi.
Bugun dunyoda nafaqat plastik, balki “tezkor moda” natijasida hosil bo‘layotgan to‘qimachilik chiqindilariga e’tibor ortgan. Chunki kiyim-kechak sanoati dunyodagi eng ko‘p ifloslantiruvchi sohalardan biri sanaladi.
O‘zbekiston ko‘p miqdorda paxta yetishtira oluvchi mamlakat sifatida bu muammoni ichidan hal qilishi shart edi. Narpay misolida biz buning yechimini ko‘rmoqdamiz.
Davlat rahbarining xodimlar bilan samimiy suhbatida bir gap alohida ta’kidlandi. Har bir amalga oshirilayotgan loyiha yurtimizdagi ulkan o‘zgarishlarning bir qismi ekani qayd etildi. Bu o‘zgarish faqat iqtisodiy emas, balki ma’naviy bo‘layotgani quvonarli. Biz yana “uvol bo‘lmasin” degan tushunchaga, tabiat bilan uyg‘un yashash falsafasiga qaytyapmiz. Faqat bu gal zamonaviy bilim va kuchli texnologiyalar bilan.
Aql bilan boshqarilgan chiqindi kelajakning eng bebaho boyligidir. Uvol qilinmagan har bir parcha mato esa yurtimiz barakasining bir bo‘lagi bo‘lib xizmat qilaveradi.
Ikrom AVVALBOEV,
O‘zA sharhlovchisi